
Farg‘ona davlat universitetining Filologiya fakulteti, Rus filologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi Isayeva Zera Tairovna zamonaviy tilshunoslik sohasidagi muhim ilmiy tadqiqoti bilan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli qo‘lga kiritdi.
Tadqiqotchi 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi ixtisosligi bo‘yicha tayyorlangan “Zamonaviy leksikada paradigmatik va sintagmatik munosabatlarga tizimli yondashuv” mavzusidagi dissertatsiyasida leksik birliklar o‘rtasidagi munosabatlarni zamonaviy lingvistik yondashuvlar asosida chuqur tahlil qilgan. Ilmiy ishda paradigmatik va sintagmatik munosabatlarning nazariy asoslari, ularning leksik tizimdagi o‘rni hamda amaliy va kompyuter lingvistikasidagi qo‘llanish imkoniyatlari keng yoritilgan.
Dissertatsiya natijalari zamonaviy leksikologiya, til nazariyasi va raqamli lingvistika yo‘nalishlarida muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, til birliklarini tizimli modellashtirish, korpus lingvistikasi va avtomatik tahlil jarayonlarida samarali foydalanish imkonini beradi.
Ilmiy ish himoyasi Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02 raqamli Ilmiy kengash majlisida bo‘lib o‘tdi. Kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya ishi har tomonlama yuqori baholanib, 100 foiz ovoz bilan ijobiy qaror qabul qilindi.