

Farg‘ona davlat universiteti Iqtisodiyot fakultetida talaba va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish hamda mehnat bozoriga samarali integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kelajakka qadam” va “Karyera va biznes marafoni” doirasida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zmilliybankning Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi, “Kelajakka qadam” markazi vakillari, shuningdek, universitetning bitiruvchi talabalari faol ishtirok etdi. Mehnat yarmarkasi yoshlar uchun real ish o‘rinlari, amaliyot va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari bilan tanishish, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish uchun qulay platformaga aylandi.
Tadbir davomida universitet rahbariyati hamda mas’ul bo‘lim vakillari so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari dolzarb ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishi uchun bilim va amaliy tajribaning uyg‘unligi muhim ekani qayd etildi.
Mehnat yarmarkasi doirasida bank va tashkilotlar vakillari tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish talablari, karyera o‘sish imkoniyatlari hamda biznesni boshlash bo‘yicha maslahatlar berildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur tadbir Farg‘ona davlat universitetida ta’lim olayotgan yoshlarning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga mustahkam poydevor yaratish, ularni mehnat bozoriga tayyorlash va ish beruvchilar bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.