

Farg‘ona davlat universitetida yana bir muhim va quvonchli voqea ro‘y berdi — 360 o‘rinli zamonaviy talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Mazkur loyiha yoshlarning sifatli ta’lim olishi, munosib yashashi va har tomonlama rivojlanishi uchun yaratilayotgan keng ko‘lamli sharoitlarning amaliy ifodasidir.
Tantanali ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi yangi talabalar turar joyining foydalanishga topshirilishi universitet hayotidagi muhim qadamlardan biri ekanini ta’kidlab, yoshlarni ushbu zamonaviy maskan bilan samimiy muborakbod etdi.


Yangi bunyod etilgan talabalar turar joyi barcha zamonaviy talablarga javob beradi. Unda talabalarning yashashi, dam olishi va mustaqil ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Xonalar zamonaviy mebel va jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i, o‘quv xonalari, ma’naviyat xonasi, oshxona va maishiy xizmat xonalari mavjud.
Shuningdek, binoda xavfsizlik tizimi, videokuzatuv moslamalari hamda yong‘inga qarshi zamonaviy vositalar o‘rnatilgan. Bu esa talabalar xavfsizligi va qulayligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur loyiha nafaqat turar joy masalasini hal etadi, balki talabalar uchun sog‘lom, qulay va samarali ta’lim muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.