Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 508
  • Ko`rib chiqilganlar 474
    • Takliflar 61
    • Arizalar 396
    • Shikoyatlar 51
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

KITOBXONLIK HAFTALIGI – 2026: MA’NAVIYAT VA TAFAKKUR BAYRAMI

09:56, 17.04.2026      


Axborot-resurs markazida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Kitobxonlik haftaligi – 2026” doirasida ingliz tili va adabiyoti fakulteti talabalari ishtirokida “Kitobxon ona – kitobxon bola” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur uchrashuv kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish, yoshlar ongida mutolaa ahamiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbir davomida kitobning inson hayotidagi o‘rni, ayniqsa ayolning ma’naviy kamolotidagi beqiyos roli haqida atroflicha fikr yuritildi. Ta’kidlanganidek, kitob o‘qigan, tafakkuri boy ayol nafaqat o‘z farzandlariga, balki jamiyat taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois “kitobxon ona” timsoli – barkamol avlod tarbiyasining eng muhim omillaridan biri sifatida e’tirof etildi.

Tadbir qizg‘in muloqotlar, fikr almashuvlar va hayotiy tajribalar bilan boyidi. Talaba-qizlar o‘z o‘qigan kitoblari, ular orqali olgan saboqlari hamda shaxsiy rivojlanishdagi o‘rni haqida so‘z yuritib, bir-birlarini yangi asarlar mutolaasiga ilhomlantirdilar. Bu esa uchrashuvni nafaqat ma’rifiy, balki ruhiy yaqinlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash maydoniga aylantirdi.

Tadbirda alohida urg‘u berilgan jihatlardan biri – kitobning tarbiyaviy kuchidir. Zero, kitob o‘qigan insonning dunyoqarashi kengayadi, fikrlashi teranlashadi va hayotga bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgaradi. Ayniqsa, ayollarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishi jamiyatning ma’naviy poydevorini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda axborot-resurs markazi direktori v.v.b. F. Mo‘minova, xotin-qizlar maslahat kengashi a’zolari N. Butabayeva va N. Abdullaeva hamda fakultet tyutorlari ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular yoshlarni kitobga oshno bo‘lishga, mutolaani hayot tarziga aylantirishga chaqirdilar.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Kitobxonlik haftaligi – 2026” doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir yoshlar qalbida kitobga bo‘lgan mehrni yanada kuchaytirib, ularni ma’naviy yetuklik sari yetaklaydigan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.