

Farg’ona davlat universitetining Jismoniy madaniyat fakultetida talaba-yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘yicha “Rektor kubogi”ning fakultet bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur turnir yoshlarning bilim va tafakkurini sinovdan o‘tkazuvchi, ularning intellektual salohiyatini namoyon etishga xizmat qiluvchi muhim maydon bo‘ldi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi PQ-96-son qarori ijrosini ta’minlash, ya’ni “Zakovat”ni keng jamoatchilik orasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish hamda boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirish maqsadida o‘tkazildi. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni bilimga, izlanishga va mustaqil fikrlashga undash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Turnirda fakultetning 15 ta jamoasi faol ishtirok etib, o‘z bilimlari, tezkor fikrlashi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdilar. Qizg‘in va murosasiz bahslar ostida o‘tgan o‘yinda ishtirokchilar turli sohalarga oid savollarga javob berib, o‘z intellektual salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Bellashuv yakunida eng kuchli jamoalar saralab olinib, ular universitet bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar. Bu esa talaba-yoshlar uchun yanada katta imkoniyatlar eshigini ochib, ularni yangi marralar sari ruhlantirdi.
Ushbu intellektual musobaqa nafaqat bilimlar bellashuvi, balki yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat, do‘stlik va jamoaviylik muhitini mustahkamlovchi muhim tadbir sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.