

Fargʻona davlat universiteti Sport faoliyati fakultetida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Alisher Anvarov bilan ochiq muloqot tarzidagi uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbir Yoshlar kuni doirasida o‘tkazilib, talaba-yoshlar uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan turli masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qilib, bevosita mutasaddidan atroflicha javoblar olishdi. Xususan, yoshlarning bandligi, sport sohasidagi imkoniyatlar, iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida fikr almashildi.

Alisher Anvarov o‘z nutqida yoshlarning faolligi, tashabbuskorligi va jamiyat hayotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidlab, ularni mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga undadi.
Tadbir yakunida fakultetning faol va iqtidorli talabalari alohida e’tirof etilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bu esa yoshlarni yanada rag‘batlantirish, ularning o‘z ustida ishlashiga turtki berish maqsadida amalga oshirildi.
Mazkur uchrashuv talaba-yoshlar uchun nafaqat savol-javob maydoni, balki yangi g‘oyalar, ilhom va motivatsiya manbai bo‘ldi. Bunday tadbirlar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va kelajak sari dadil qadam tashlashlariga xizmat qiladi.