

Farg‘ona viloyatida yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularni san’at va madaniyatga yanada yaqinlashtirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ana shunday mazmunli tadbirlardan biri sifatida Farg'ona viloyat musiqali drama teatri sahnasida “Laylaklar nolasi” spektakli namoyish etildi.
Mazkur teatr tomoshasi ikki seansda tashkil etilib, unda yuzlab talaba-yoshlar ishtirok etdi. Soat 11:00 dagi dastlabki seansda pedagogika-psixologiya hamda san’atshunoslik fakultetlaridan 350 nafar talaba spektaklni tomosha qildi. Soat 14:00 da o‘tkazilgan ikkinchi seansda esa sport faoliyati, jismoniy madaniyat va filologiya fakultetlaridan yana 350 nafar talaba madaniy hordiq chiqardi.

“Laylaklar nolasi” spektakli o‘zining chuqur mazmuni, hayotiy voqealarga boy syujeti va ta’sirchan sahna talqini bilan tomoshabinlarni o‘ziga rom etdi. Asarda insoniy qadriyatlar, mehr-oqibat, sog‘inch va hayot sinovlari badiiy ifoda orqali yoritilib, tomoshabinlarni chuqur mushohadaga chorlaydi.
Ayniqsa, aktyorlarning mahorat bilan ijro etgan rollari, sahna bezaklari va musiqiy jo‘rnavozlik spektakl ta’sirchanligini yanada oshirdi. Talabalar tomosha davomida turli hissiyotlarni boshdan kechirib, san’atning sehrli olamiga sho‘ng‘idilar.
Bunday teatr tashriflari talaba-yoshlarning estetik didini shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ma’naviy barkamolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Teatr — bu nafaqat hordiq maskani, balki hayotni anglash, inson qalbini tarbiyalash maktabidir.
Tadbir yakunida talabalar spektakldan katta taassurot olganliklarini bildirib, bunday madaniy uchrashuvlar yanada ko‘proq tashkil etilishini istashlarini ta’kidladilar.