

Farg'ona davlat universitetida yoshlar salomatligini mustahkamlash, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlariga start berildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasida aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etish bo‘yicha belgilangan qaror ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.
Sinovlarda 18–29 yosh oralig‘idagi talabalar faol ishtirok etib, o‘zlarining jismoniy salohiyati, chidamliligi va sport mahoratini namoyish etdilar. Tadbir davomida ishtirokchilar bir nechta sport yo‘nalishlari bo‘yicha bellashib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Sinov dasturidan tezlik, kuch, chaqqonlik va egiluvchanlik kabi asosiy jismoniy ko‘rsatkichlarni aniqlashga qaratilgan mashqlar o‘rin oldi. Xususan, talabalar 60 va 100 metrga yugurish orqali tezligini sinab ko‘rishdi. Kuch sinovlarida esa turnikda tortilish hamda yerga tayanib qo‘llarni bukib-yozish mashqlari bajarildi.
Shuningdek, chaqqonlikni baholash maqsadida mokkisimon yugurish va basketbol to‘pini savatga tushirish mashqlari tashkil etildi. Egiluvchanlik sinovida esa ishtirokchilar gimnastika o‘rindig‘ida tizzalarni bukmasdan oldinga egilish topshirig‘ini bajarishdi. Ushbu mashqlar talabalar orasida katta qiziqish uyg‘otib, sportga bo‘lgan intilishlarini yanada oshirdi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra, belgilangan me’yorlarni muvaffaqiyatli bajargan talabalar natijalariga qarab I, II va III darajali “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, faol ishtirok etgan yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur sport sinovlari nafaqat talabalar jismoniy tayyorgarligini baholash, balki ular orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sportni ommalashtirish va yoshlarni muntazam jismoniy faollikka jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.