
Farg‘ona davlat universitetining Qirguli mavzesida joylashgan Sport faoliyati fakulteti o‘quv binosida keng ko‘lamli qurilish hamda mukammal ta’mirlash ishlari rasman boshlandi. Mazkur loyiha universitet infratuzilmasini modernizatsiya qilish, talabalar uchun qulay va zamonaviy ta’lim muhitini yaratish hamda sport sohasida malakali kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi universitet rahbariyati qurilish ishlarining boshlanish jarayonida ishtirok etib, ushbu loyiha yoshlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlarning amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi. Tadbirda, shuningdek, jamoatchilik nazorati vakillari, soha mutaxassislari va usta-quruvchilar ham qatnashib, amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha fikr almashildi.
Rejalashtirilgan qurilish va ta’mirlash ishlari doirasida o‘quv binosi zamonaviy arxitektura yechimlari asosida yangilanadi. Auditoriyalar, sport mashg‘ulotlari zallari, amaliy dars xonalari hamda infratuzilma obyektlari to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnologiyalar va qulayliklar bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan. Bu esa talabalar uchun nafaqat sifatli ta’lim olish, balki professional sport bilan shug‘ullanish uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi.
Loyiha universitetning sport yo‘nalishidagi salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Yangilanayotgan o‘quv binosi kelajakda nafaqat bilim maskani, balki yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda himoya qiladigan bo‘lajak chempionlar va malakali mutaxassislar tayyorlanadigan zamonaviy markazga aylanishi kutilmoqda.
Farg‘ona davlat universitetida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ta’lim sifati va talabalar uchun yaratilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy davomidir. Tez orada Sport faoliyati fakulteti binosi mutlaqo yangi qiyofada o‘z eshiklarini ochib, yosh sportchilar va soha ixlosmandlarini bag‘riga oladi.