Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 518
  • Ko`rib chiqilganlar 485
    • Takliflar 62
    • Arizalar 404
    • Shikoyatlar 52
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

AGRAR YO‘NALISHDA ISHLAB CHIQARISH SOHASIDA HAMKORLIKLAR KENGAYMOQDA

10:07, 16.05.2026      

Farg‘ona davlat universiteti Agrar qo‘shma fakulteti delegatsiyasi ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasini mustahkamlash maqsadida UZAGROSTAR XOLDING tarkibidagi Quva–Agro Start MCHJ korxonasiga amaliy tashrif amalga oshirdi. Tashrifga fakultet dekani Sh. Mamajonov boshchilik qildi.

Tashrif davomida professor-o‘qituvchilar guruhi korxonaning zamonaviy agrosanoat infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi. Xususan, qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalar asosida faoliyat yuritayotgan aqlli issiqxona majmuasi, o‘simliklarni ko‘paytirish va ilmiy tajribalar olib borishga mo‘ljallangan “in vitro” laboratoriyasi, mahsulotlarni saralash va tayyorlashga xizmat qiluvchi qadoqlash sexi hamda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan agrosanoat maktabi faoliyati o‘rganildi.

Muloqotlar jarayonida ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani yanada kuchaytirish, zamonaviy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar talabalar uchun dual ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish korxonalarida malakaviy amaliyotlarni tashkil etish, zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda amalga oshirish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum loyihasi tayyorlanib, kelgusida rasmiy hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim qadam tashlandi. Ushbu memorandum ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash, talabalarning amaliy tajribasini oshirish va innovatsion ilmiy ishlanmalarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farg‘ona davlat universitetida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar oliy ta’lim va real sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yosh mutaxassislarni zamon talablariga mos tayyorlash hamda agrar sohada innovatsion rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.