Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 519
  • Ko`rib chiqilganlar 485
    • Takliflar 63
    • Arizalar 404
    • Shikoyatlar 52
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

BADIIY ASAR TAQDIMOTI

12:30, 19.05.2026      


Farg‘ona davlat universitetining Fizika-matematika fakulteti talabalari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Hamid Burhonning yangi asari — Adovat va nadomat hujjatli romani keng jamoatchilikka tanishtirildi.

Mazkur taqdimot talabalarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularni milliy adabiyotimizning sara namunalari bilan tanishtirish hamda tarixiy xotira va badiiy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qildi. Asar taqdimoti davomida adib ijodining mazmun-mohiyati, uning asarlarida yoritilgan hayotiy voqealar va insoniy kechinmalar haqida atroflicha fikr yuritildi.

Tadbir davomida Hamid Burhonning ijodiy merosi, xususan Taqdir jazosi, Ko‘prik, Ajal domidagi hayot, Umr zarvaraqlari, Iskandarning sirli o‘limi, Shaydo, Tog‘lar orasidagi qishloq hamda Ular bo‘lmaganda hayot osuda bo‘lmas edi kabi roman, qissa va hikoyalar to‘plamlari haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Bu asarlar adibning serqirra ijodini va o‘zbek adabiyotidagi o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.

Ayniqsa, Adovat va nadomat asari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Romanda Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbek xalqining boshidan kechirgan og‘ir sinovlari, xalqning sabr-toqati, mardligi va matonati hayotiy voqealar asosida yoritilgan. Asar orqali urush davridagi inson taqdiri, adovatning oqibatlari va nadomat hissining chuqur ma’naviy talqini ifodalangan.

Taqdimot davomida talabalar asar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, adib ijodi, tarixiy voqealar va badiiy asarlardagi hayotiy haqiqatlar haqida qiziqarli muloqot olib bordilar. Bu uchrashuv yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni tarixiy va badiiy tafakkur ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Mazkur kitob taqdimoti Farg‘ona davlat universitetida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirish, talaba-yoshlarni adabiyot va tarix bilan chambarchas bog‘lash borasidagi samarali tashabbuslarning yana bir yorqin namunasiga aylandi.