

Farg‘ona davlat universitetida Yoshlar kuni munosabati bilan talaba-yoshlar uchun muhim uchrashuv tashkil etildi. Universitetda Baxtiyor Ismoilov — Farg‘ona viloyati prokuraturasi prokurori, adliya katta maslahatchisi bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir yoshlar va davlat idoralari vakillari o‘rtasida ochiq muloqotni mustahkamlash, ularning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qildi.
Uchrashuv avvalida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyatini aks ettiruvchi maxsus videorolik namoyish etildi. Ushbu videolavha orqali talabalarga yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning jamiyatdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Samimiy va ochiq ruhda o‘tgan muloqot davomida Baxtiyor Ismoilov talaba-yoshlar bilan bevosita suhbatlashib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi. Uchrashuvda yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlashdagi yoshlarning roli, korrupsiyaga qarshi kurash va adolat tamoyillarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Talabalar o‘zlarining kelajakdagi rejalari, kasbiy maqsadlari va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirib, sohaga oid savollar bilan murojaat qildilar. Ayniqsa, huquq-tartibot organlarida faoliyat yuritish, davlat xizmatiga kirish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan ma’lumotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy savodxonlikni oshirish va yoshlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qator fikrlar ilgari surildi. Bu esa tadbirning nafaqat ma’rifiy, balki amaliy ahamiyatini ham yanada kuchaytirdi.