

Farg‘ona davlat universiteti talabalari xalqaro sport maydonlarida yurtimiz sharafini munosib himoya etishda davom etmoqda. Yoshlar kuni arafasida universitetning Jismoniy madaniyat fakulteti Jismoniy madaniyat yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Xalilova Mubinabonu Aliaskar qizi xalqaro musobaqadagi yuksak natijasi bilan barchaga quvonch ulashdi.
Parij shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro parasuzish bo‘yicha Jahon kubogi musobaqasida Xalilova Mubinabonu Aliaskar qizi faxrli 2-o‘rinni egallab, nafaqat universitet, balki mamlakatimiz sport jamoatchiligi uchun ham katta muvaffaqiyatga erishdi.


Mazkur musobaqa dunyoning turli mamlakatlaridan eng kuchli para suzuvchilarni jamlagan nufuzli sport anjumani bo‘lib, unda qatnashishning o‘zi katta sharaf hisoblanadi. Shunday kuchli raqobat sharoitida Xalilova Mubinabonu Aliaskar qizining kumush medalga sazovor bo‘lishi uning mashaqqatli mehnati, qat’iyati va yuksak sport mahoratining yorqin natijasidir.
Sportchi talabamizning ushbu yutug‘i yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, imkoniyati cheklangan sportchilarning ulkan salohiyatini namoyon etish hamda xalqaro maydonda O‘zbekiston sportining nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, para sportdagi bunday muvaffaqiyatlar yosh avlod uchun katta ilhom manbai bo‘lib, ularga iroda va intilishning cheksiz imkoniyatlarini ko‘rsatadi.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasi Xalilova Mubinabonu Aliaskar qizining ushbu yutug‘ini katta faxr bilan qarshi olib, kelgusidagi musobaqalarda ham ulkan zafarlar tilamoqda. Talabamizning xalqaro arenadagi muvaffaqiyati universitetda sportga yaratilayotgan e’tibor, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va iste’dodlarni yuzaga chiqarish borasidagi samarali ishlarning yaqqol natijasi bo‘ldi.