
Farg‘ona davlat universitetining Tabiiy fanlar fakultetida Yoshlar kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy ruhdagi mazmunli uchrashuv tashkil etildi. “Tarix va kelajak uyg‘unligi – yoshlar nigohida” mavzusida o‘tkazilgan tadbir talabalarga o‘zlari tahsil olayotgan dargohning boy o‘tmishi va istiqbolli kelajagi haqida chuqur tasavvur berdi.
Tadbir fakultet muzeyida bo‘lib o‘tib, talabalarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Uchrashuv davomida fakultetning tashkil topish tarixi, rivojlanish bosqichlari, ilmiy maktablari va bugungi kunda erishayotgan yutuqlari haqida atroflicha suhbat olib borildi. Bu muloqot yoshlar uchun nafaqat tarixiy xotira, balki kelajakka ishonch va ilhom manbai bo‘ldi.
Tadbir davomida fakultetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari M. Tursunov tomonidan talabalarga fakultetning shakllanish bosqichlari, uning ilmiy salohiyati va kelajakdagi rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berildi. U o‘z chiqishida fakultetning uzoq yillar davomida yurtimiz uchun malakali mutaxassislar tayyorlab kelayotganini alohida ta’kidladi.
Talabalar muzey eksponatlari, tarixiy hujjatlar va fakultet faoliyatiga oid fotojamlanmalar bilan tanishib, ta’lim maskanining boy merosini yaqindan his etdilar. Ayniqsa, fakultetning ilmiy yutuqlari, professor-o‘qituvchilarning salmoqli hissasi va bitiruvchilarning muvaffaqiyatlari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuvning eng muhim jihati shundaki, talabalar o‘zlari tahsil olayotgan maskanning nafaqat o‘tmishini, balki uning ertangi kunini yaratishda o‘z o‘rniga ega ekanliklarini chuqur angladilar. Ular fakultet ravnaqi va universitet taraqqiyotiga hissa qo‘shish yo‘lida yangi g‘oya va tashabbuslar bilan ilhomlandilr.