
Farg‘ona davlat universiteti ijodkor professor-o‘qituvchilari xalqaro madaniy maydonda yana bir muhim muvaffaqiyatga erishdi. Qirg‘izistonning Qizilqiya shahrida o‘tkazilgan “Tabiat chegara bilmaydi” / «Табият чек ара билбейт» nomli xalqaro ko‘rgazmada universitet vakillari o‘zlarining shaxsiy ijodiy ishlari bilan ishtirok etib, san’at ixlosmandlari e’tiborini qozondi.
Mazkur xalqaro ko‘rgazma turli mamlakatlardan ijodkorlarni birlashtirib, tabiatning betakror go‘zalligi, inson va atrof-muhit uyg‘unligi hamda san’at orqali xalqlarni yaqinlashtirish g‘oyasini targ‘ib etdi. Unda Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchilarining qatnashuvi nafaqat oliygohning madaniy salohiyatini, balki o‘zbek tasviriy san’atining xalqaro miqyosdagi nufuzini ham namoyon etdi.

Ko‘rgazmada A’zamjonov Axadjon A’zamjonovich — Farg‘ona davlat universiteti katta o‘qituvchisi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, mohir rangtasvirchi rassom sifatida o‘zining tabiat va inson ruhiyati uyg‘unligini aks ettiruvchi asarlarini namoyish etdi. Uning ijod namunalari tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Shuningdek, Yunusliyev Muhammadqodir Tajimatovich — universitet dotsenti, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi sifatida o‘zining rangtasvir asarlari bilan ko‘rgazma mazmunini yanada boyitdi. Uning asarlarida tabiatning nafis manzaralari, milliy ruh va zamonaviy badiiy talqin uyg‘un holda ifodalangan.

Ushbu xalqaro ko‘rgazma ijodkorlar uchun tajriba almashish, yangi san’at maktablari bilan tanishish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘ldi. Farg‘ona davlat universiteti vakillari o‘z asarlari orqali nafaqat san’atga bo‘lgan yuksak e’tiborni, balki xalqaro madaniy muloqotga qo‘shayotgan hissalarini ham namoyish etdilar.
“Tabiat chegara bilmaydi” nomli ko‘rgazmada ishtirok etish Farg‘ona davlat universitetining nafaqat ilm-fan, balki san’at va madaniyat yo‘nalishlarida ham xalqaro maydondagi faol ishtirokini tasdiqlab, universitet ijodkorlarining yangi yutuqlari sari ilhom bag‘ishlamoqda.