
Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida yana bir unutilmas adabiy-ma’rifiy tadbir — ustoz adabiyotshunos, professor Yo‘ldoshxo‘ja Solijonovning “FARG‘ONA ADABIYOTI: bugun va ertaga” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur asar Farg‘ona adabiy muhitining kechagi kuni, bugungi jarayonlari va istiqbolini chuqur tahlil etuvchi, viloyat adabiyotining taraqqiyot yo‘lini yorqin tasvirlarda aks ettiruvchi muhim ilmiy-adabiy manba sifatida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Dilshoda Ergasheva olib bordi. U o‘z so‘zida professor Yo‘ldoshxo‘ja Solijonovning ko‘p yillik ilmiy va ijodiy faoliyati, Farg‘ona adabiy muhitini tadqiq etishdagi xizmatlari hamda yangi kitobning adabiyot ixlosmandlari uchun muhim manba ekanini alohida ta’kidladi.
Taqdimotda taniqli adiblar, harbiylar, yosh ijodkorlar, professor-o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Kitobdan ijodiy portreti o‘rin olgan shoir va yozuvchilar, mehmon tashkilot rahbarlari ham so‘zga chiqib, muallifning mashaqqatli izlanishlari, adabiyotga bo‘lgan fidoyiligi va ushbu to‘plamning viloyat adabiy muhiti tarixini yaratishdagi beqiyos o‘rni haqida iliq fikrlar bildirdilar.
Tadbir davomida Farg‘ona adabiyotining bugungi rivojlanish jarayonlari, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy adabiyotimizni keng targ‘ib qilish hamda adabiy merosni asrab-avaylash masalalari yuzasidan samimiy va mazmunli muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga “FARG‘ONA ADABIYOTI: bugun va ertaga” kitobi mutolaa uchun taqdim etildi.
Mazkur taqdimot Farg‘ona adabiy muhitining boy an’analari va bugungi ijodiy jarayonlarini keng jamoatchilikka yetkazish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda yosh avlod qalbida adabiyotga muhabbat uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etdi.