

Farg‘ona davlat universiteti mezbonligida o‘tkaziladigan “Talabalar ligasi” sport musobaqalarining final bosqichi oldidan muhim tashkiliy yig‘ilish hamda qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish, ishtirokchi jamoalar uchun teng va shaffof sharoit yaratish hamda bellashuvlarni nizom talablari asosida o‘tkazishni ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Unda soha mutaxassislari, hakamlar, murabbiylar, musobaqa tashkilotchilari hamda mas’ul vakillar ishtirok etib, final bosqichini namunali tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni muhokama qildilar. Yig‘ilish davomida musobaqa nizomida belgilangan talablar, jamoalarning ishtirok tartibi, hakamlik mezonlari, xavfsizlik va intizom qoidalari yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, tadbir doirasida sport musobaqalari uchun qur’a tashlash marosimi ham o‘tkazildi. Qur’a natijalariga ko‘ra jamoalarning bellashuv tartibi aniqlandi va ishtirokchilar o‘z raqiblari bilan tanishdilar. Bu esa bo‘lajak uchrashuvlarga bo‘lgan qiziqish va sport ruhini yanada oshirdi.


Ta’kidlash joizki, “Talabalar ligasi” musobaqalari talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyuradigan sportchi talabalar o‘rtasida o‘tadigan bahslar murosasiz va qizg‘in ruhda kechishi kutilmoqda.