
Farg‘ona davlat universitetida “Markaziy Osiyo arxeologiyasining dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Nufuzli anjuman Markaziy Osiyo xalqlarining boy tarixiy-madaniy merosini o‘rganish, arxeologiya sohasidagi zamonaviy tadqiqotlarni muhokama qilish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.



Konferensiyada O‘zbekistonning taniqli arxeolog olimlari bilan bir qatorda Xitoy, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikasidan tashrif buyurgan yetakchi tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar hamda yosh izlanuvchilar ishtirok etdilar.
Anjuman davomida Markaziy Osiyo hududidagi qadimiy sivilizatsiyalar, tarixiy yodgorliklar va arxeologik topilmalar yuzasidan muhim ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Tadqiqotchilar tomonidan olib borilayotgan yangi izlanishlar, qazishma ishlari natijalari va innovatsion yondashuvlar konferensiyaning asosiy e’tibor markazida bo‘ldi.

Konferensiya dasturidan o‘rin olgan dolzarb mavzular quyidagilarni qamrab oldi:
Quva shahristonida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijalari, Shimoli-g‘arbiy Farg‘ona hududidagi Dahana yodgorligi hamda Batken regionidagi petrogliflarning tarixiy va sakral ahamiyati;
Yueji xalqining ko‘chish tarixi, qadimgi Davan davlatining shaharlar tizimi va mintaqa sivilizatsiyalari rivojidagi o‘rni;
Arxeologik tadqiqotlarda zamonaviy raqamli texnologiyalar, 3D modellashtirish va innovatsion usullarni qo‘llash imkoniyatlari.
Konferensiya davomida soha mutaxassislari tomonidan tarixiy merosni asrab-avaylash, ilmiy tadqiqotlarni xalqaro miqyosda rivojlantirish hamda yosh arxeologlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar o‘rtasida kelgusidagi qo‘shma arxeologik loyihalarni amalga oshirish, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish va akademik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Mazkur xalqaro konferensiya Farg‘ona davlat universitetining ilm-fan sohasidagi nufuzini yanada oshirish, Markaziy Osiyo tarixini chuqur o‘rganish hamda xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.