
Farg‘ona davlat universitetida “Talabalar ligasi” sport musobaqalarining basketbol bo‘yicha respublika bosqichi qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda davom etmoqda. Musobaqaning 3-kunida universitetning pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti sport zalida basketbol bo‘yicha qizlar o‘rtasidagi final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Final bahsida mezbon jamoa — Farg‘ona davlat universiteti basketbolchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasiga qarshi maydonga tushdi. O‘yin boshidan oxirigacha keskin kurashlar, tezkor hujumlar va muxlislarning jo‘shqin qo‘llab-quvvatlovi ostida kechdi.

Har ikki jamoa g‘alaba uchun bor kuch va mahoratini namoyon etdi. Ayniqsa, uchrashuvning so‘nggi daqiqalari tomoshabinlar uchun haqiqiy sport dramasi tusini oldi. Yakunda FarDU qizlar jamoasi 50:47 hisobida muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, respublika bosqichi chempioniga aylandi.
Mazkur muvaffaqiyat jamoaning puxta tayyorgarligi, murabbiylar mehnati va sportchi talabalarning kuchli irodasi samarasi bo‘ldi. Uchrashuv davomida FarDU basketbolchilari jipslik, taktik mahorat va yuqori sport ruhini namoyish etib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘lishdi.

“Talabalar ligasi” doirasidagi ushbu musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda iqtidorli sportchilarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farg‘onada davom etayotgan musobaqalar esa talaba-yoshlarning sportga bo‘lgan intilishi va yurtimizda basketbol sport turiga qaratilayotgan e’tibor tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.