
Farg‘ona davlat universitetida xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda ta’lim sifatini yanada oshirishga qaratilgan navbatdagi muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitetning fizika-matematika fakulteti, texnologik ta’lim kafedrasiga Qirg‘iziston Respublikasining Xalqaro Uzgen texnologiya va ta’lim instituti hamda Osh texnologiyalar universitetidan professor-o‘qituvchilar tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida mehmonlar tomonidan talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar uchun master-klass darslari tashkil etildi. Unda zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar hamda texnologik ta’limning bugungi rivojlanish tendensiyalari yuzasidan qiziqarli ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, xorijlik mutaxassislar universitetdagi zamonaviy laboratoriya jihozlari, texnologik asbob-uskunalar va ularning ishlash prinsiplari bilan yaqindan tanishdilar. Ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalarni joriy etish, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv metodlarini qo‘llash hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Uchrashuvlar davomida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tashrifning eng muhim jihatlaridan biri sifatida Farg‘ona davlat universiteti bilan Xalqaro Uzgen texnologiya va ta’lim instituti hamda Osh texnologiyalar universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur memorandum kelgusida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar yo‘nalishida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mazkur xalqaro tashrif nafaqat tajriba almashish, balki ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, ta’lim tizimida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda yosh mutaxassislarning salohiyatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.