
Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida oliy ta’lim muassasalarining Jismoniy madaniyat yo‘nalishi tinglovchilari uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish, jismoniy tarbiya va sport sohasida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda mutaxassislarning kasbiy kompetensiyalarini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Seminarda xorijiy mutaxassis Aleksandr Valeriyevich Maslennikov ishtirok etib, “Mutaxassislik fanlarini o‘qitish metodikasi” modulining “Yengil atletika va uni o‘qitish metodikasi” mavzusi bo‘yicha amaliy mashg‘ulot olib bordi.

Mashg‘ulot davomida tinglovchilarga yengil atletika sport turini o‘qitishda zamonaviy metod va innovatsion yondashuvlar, amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish hamda sportchilarning jismoniy tayyorgarligini oshirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Seminar jarayonida ishtirokchilar mavzu yuzasidan faol fikr almashib, o‘zaro tajribalarini bo‘lishdilar. Shuningdek, mutaxassis tomonidan berilgan amaliy ko‘rsatmalar va metodik tavsiyalar tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir davomida dolzarb savollarga batafsil javoblar berilib, interaktiv muhokamalar tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, bunday ilmiy-amaliy seminarlar pedagoglarning malakasini oshirish, ta’lim sifatini takomillashtirish hamda xalqaro tajribalarni milliy ta’lim tizimiga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminar ishtirokchilari tashkilotchilar va xorijiy mutaxassisga mazmunli va foydali mashg‘ulot uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida ham bu kabi ilmiy-amaliy uchrashuvlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.