
Farg‘ona davlat universiteti rektori tashabbusi bilan Huquqshunoslik fakulteti Yurisprudensiya yo‘nalishi talabalari uchun So‘x tumaniga ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Ushbu sayohat yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning dunyoqarashi va ma’naviy tafakkurini yanada boyitishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Sayohat davomida talabalar So‘x tumanining betakror tabiati, musaffo havosi, so‘lim maskanlari hamda diqqatga sazovor manzillarini ziyorat qilib, unutilmas taassurotlarga ega bo‘ldilar. Tog‘lar bag‘ridagi go‘zal manzaralar, tabiat qo‘ynidagi samimiy suhbatlar va quvonchli lahzalar talaba-yoshlarning xotirasida yorqin xotira bo‘lib qoladigan bo‘ldi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir talabalar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, ularning Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yanada oshirishga xizmat qildi. Talabalar sayohat davomida nafaqat hordiq chiqardilar, balki yangi taassurot va motivatsiyaga ham ega bo‘ldilar.
Talabalar o‘zlariga yaratilayotgan imkoniyatlar va doimiy e’tibor uchun universitet rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildirdilar. Ta’kidlanganidek, yoshlarning ta’lim olishi bilan bir qatorda ularning ma’naviy kamoloti va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan bunday tashabbuslar katta ahamiyatga ega.
Bugungi kunda universitetda talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual va ma’naviy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu esa yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
“Yoshlarga e’tibor — kelajakka e’tibor!” shiori ostida amalga oshirilayotgan bunday ezgu tashabbuslar talaba-yoshlar qalbida cheksiz mamnuniyat va faxr tuyg‘usini uyg‘otmoqda.