

Farg‘ona davlat universitetida “Talabalar ligasi” sport musobaqalarining futzal sport turi bo‘yicha respublika final bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Tadbirda sportchi talabalar, murabbiylar, oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Musobaqa davomida respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurgan jamoalar o‘zaro murosasiz va qiziqarli bahslarda maydonga tushib, futzal bo‘yicha yuqori mahorat va jamoaviy hamjihatlik namunalarini namoyish etdilar. Ayniqsa, final uchrashuvlari sport muxlislariga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi.
Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan tashkilotchilar talaba-yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotgani, “Talabalar ligasi” esa yoshlarni sog‘lom turmush tarziga chorlaydigan muhim sport maydoniga aylanganini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, sportchi talabalarning yuksak mahorati, kuchli irodasi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi yuqori baholanib, ularga kelgusi musobaqalarda ham omad va ulkan zafarlar tilandi.

Musobaqa natijalari:
Futzal 5x5 yo‘nalishi:
1-o‘rin — Farg‘ona davlat universiteti
2-o‘rin — Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti
3-o‘rin — Namangan davlat universiteti
G‘olib va sovrindor jamoalar diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Tadbir yakunida sportchi yoshlarning yutuqlari e’tirof etilib, ularga kelgusidagi musobaqalarda ham yangi g‘alabalar tilandi.
“Talabalar ligasi” — sport, do‘stlik va yorqin g‘alabalar maydoni!