Ekran o‘lchami:
Shrift o‘lchami:




dushanba-shanba, 9:00-11:00

Ingliz tili va adabiyoti fakulteti 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib,
bugungi kunda fakultetda 50 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi va xodim
faoliyat yuritmoqda. Fakultet tarkibida Ingliz tilini o‘qitish
metodikasi hamda Amaliy ingliz tili kafedralari
faoliyat olib boradi.
Fakultetning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan
biri zamonaviy pedagogik va innovatsion yondashuvlar asosida xorijiy tillarni puxta
egallagan, mustaqil fikrlaydigan, kasbiy va kommunikativ kompetensiyalarga ega malakali
mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Ta’lim jarayonida talabalarda
Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy g‘urur, yuksak axloqiy va ma’naviy
fazilatlar, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini
shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Jahon ta’lim tizimida kechayotgan transformatsion jarayonlar xorijiy tillarni samarali o‘qitish, talabalarning og‘zaki va yozma nutq kompetensiyalarini rivojlantirish,
shuningdek, ularning zamonaviy ilmiy va axborot resurslaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni taqozo etmoqda.
Mazkur talablar asosida fakultetda ta’lim jarayoni nazariy bilimlarni amaliy
ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va
innovatsion metodlardan samarali foydalanish tamoyillari asosida tashkil
etiladi.
Fakultet jamoasining ustuvor maqsadi — ingliz tilida erkin va samarali muloqot qila oladigan, zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega,
xalqaro standartlar asosida faoliyat yurita oladigan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdir.
Talabalarning zamonaviy ilmiy manbalar, global axborot resurslari va jahon
ilm-fani yutuqlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, akademik
hamkorlik hamda madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish fakultet
faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Fakultetda faoliyat yuritayotgan
professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyati ta’lim sifatini ta’minlash va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishning muhim omillaridan biridir.
Fakultet professor-o‘qituvchilari quyidagi ilmiy ixtisosliklar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda:
·
10.00.04
— Yevropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti;
·
10.00.06
— Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik;
·
10.00.11
— Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi;
·
13.00.02
— Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (ingliz tili).
Fakultetning ilmiy-pedagogik
salohiyat ko‘rsatkichi 70 foizdan ortiqni tashkil etadi. Professor-o‘qituvchilarning
ilmiy-tadqiqot faoliyati natijasida Scopus xalqaro ma’lumotlar bazasida
indekslangan ilmiy jurnallarda 20 dan ortiq ilmiy maqola chop etilgan.
Shuningdek, fakultetning 5
nafar professor-o‘qituvchisi Malayziyaning Universiti Sains
Malaysia (USM) universitetida doktorantura bosqichida tahsil olmoqda. Universiti
Sains Malaysia (USM) QS World University Rankings 2027 reytingida 128-o‘rinni
egallab, dunyoning top-150 universitetlari qatoridan joy olgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar fakultetning ilmiy-tadqiqot
salohiyati, akademik faolligi va xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan aloqalari
izchil rivojlanib borayotganini namoyon etadi.
Fakultet xalqaro hamkorlikni
rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga joriy etish va
talabalarning xalqaro akademik muhitdagi ishtirokini kengaytirishga alohida
e’tibor qaratadi.
Jumladan, Nargiza Toirova,
Dilafruz Ibragimova, Alimardon Toshmatov, Luiza Galimullina va Iqboljon Gaforov
kabi professor-o‘qituvchilarning tashabbuslari va ilmiy-pedagogik faoliyati
natijasida qator xalqaro loyihalar amalga oshirilgan. Mazkur loyihalarning
umumiy qiymati qariyb 150 000 AQSh dollarini tashkil etadi.
Fakultet negizida amalga oshirilgan
muhim xalqaro loyihalar qatoriga quyidagilar kiradi:
·
EMI (English as a Medium of Instruction) loyihasi — 2019–2021-yillar;
·
English Access Microscholarship Program (ACCESS) — SUZ80020GR0040 raqamli loyiha,
2020–2022-yillar;
·
English Access Microscholarship Program (ACCESS) — 2022–2024-yillar;
·
Establishment of American Drama Club — SUZ80021GR3149 raqamli loyiha,
2021–2022-yillar.
Mazkur xalqaro loyihalar doirasida
talabalarning ingliz tilini o‘rganish samaradorligini oshirish, kommunikativ
kompetensiyalarini rivojlantirish, ingliz tilida so‘zlashuvchi xalqlarning
madaniyati va adabiyoti haqidagi bilimlarini kengaytirish hamda xalqaro ta’lim
muhitiga integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan turli akademik
va madaniy tadbirlar amalga oshirildi.
Mazkur yo‘nalishdagi xalqaro
hamkorlik 2017-yildan boshlangan bo‘lib, AQShning O‘zbekistondagi
elchixonasi bilan samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik
doirasida English Language Fellow Program dasturi asosida
AQShdan malakali mutaxassislar ta’lim va ilmiy faoliyatga jalb etildi.
Xususan, amerikalik mutaxassis Grem
Derri 2017-yil sentabridan 2019-yil mayigacha, Keyt Virjiniya
Bridjman 2020-yil sentabridan boshlab, Meri Strabala
esa 2021–2024-yillarda faoliyat yuritib, professor-o‘qituvchilar va talabalar
bilan hamkorlik qildi.
Shuningdek, Fulbright
dasturi doirasida AQShlik mutaxassis Keti Reymond 2019-yil
11-maydan 1-iyungacha hamda 2020-yil 2-maydan 16-maygacha ta’lim faoliyatida
ishtirok etdi. Uning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri
professor-o‘qituvchilar va talabalarning ilmiy maqola yozish hamda akademik
yozuv ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
English Teaching Assistant (ETA) dasturi doirasida amerikalik
mutaxassislar Xanna Rotvell va Kseniya Matis
2021-yil davomida fakultet talabalari, jumladan, ACCESS loyihasi
ishtirokchilari bilan hamkorlik qilib, ularning ingliz tilidagi kommunikativ va
madaniyatlararo kompetensiyalarini rivojlantirishga hissa qo‘shdilar.
2024–2025-o‘quv yilida Ave
Mariya Kim ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishida tahsil olayotgan
talabalarning madaniy xilma-xillik kompetensiyasini rivojlantirishga
qaratilgan faoliyat doirasida assistent-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritdi.
2022-yilda Germaniyaning SES
(Senior Experten Service) dasturi doirasida mutaxassis Rayner
Bleyx fakultet talabalariga ta’lim berib, ularning kasbiy va til
kompetensiyalarini rivojlantirishga ko‘maklashdi.
2025–2026-o‘quv yilida Universiti
Sains Malaysia (USM) professori Mohamad Pakri Rashidiy
fakultetning magistr va bakalavr talabalariga ma’ruzalar hamda amaliy
mashg‘ulotlar olib bordi.
Fakultetning xalqaro akademik
hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati doirasida 2024-yil 18-aprel
kuni Amaliy ingliz tili hamda Ingliz tilini o‘qitish
metodikasi kafedralari tomonidan xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada AQSh va Malayziyaning
yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan taklif etilgan mutaxassislar ishtirok
etib, zamonaviy til ta’limi, amaliy lingvistika va ingliz tilini o‘qitish
metodikasining dolzarb masalalari yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
AQShdan konferensiyada quyidagi
mutaxassislar faol ishtirok etdi:
·
Djon D. Banting, PhD, katta o‘qituvchi, Ingliz tilini intensiv o‘rganish dasturi
direktori, Amaliy lingvistika kafedrasi, Jorjiya davlat universiteti;
·
Robin Valeri Kesi, katta o‘qituvchi, Ingliz tilini intensiv o‘rganish dasturi direktori,
Amaliy lingvistika kafedrasi, Jorjiya davlat universiteti;
·
Sheron Santmayer, o‘qituvchi, Ingliz tilini intensiv o‘rganish dasturi, Jorjiya davlat
universiteti;
·
Xizer Kemp, ingliz tili professori, Minnesota davlat universiteti.
Mazkur xalqaro konferensiya fakultet
professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun xorijiy mutaxassislar bilan ilmiy
fikr almashish, ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganish va akademik aloqalarni
yanada mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.
Xorijiy mutaxassislarning ta’lim jarayoniga jalb etilishi talabalarga ingliz tilidagi real akademik va kommunikativ
muhitda bilim olish,
turli madaniyatlar
bilan bevosita tanishish,
ilg‘or tajribalarni
o‘zlashtirish hamda ingliz tilidan tabiiy va samarali foydalanish imkonini bermoqda.
Mazkur hamkorlik talabalarning kommunikativ,
madaniyatlararo va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish,
ta’lim mazmunini boyitish hamda o‘quv jarayoni samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ingliz tili va adabiyoti fakulteti zamonaviy ta’lim standartlari, ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion pedagogik yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan
holda, raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlamoqda.
Fakultet bitiruvchilarining
akademik va kasbiy yutuqlari ta’lim samaradorligining muhim ko‘rsatkichlaridan
biridir.
Bugungi kunda fakultetni
tamomlagan bitiruvchilarning 35 foizdan ortig‘i AQSh, Janubiy Koreya
hamda boshqa nufuzli xorijiy universitetlarda magistratura bosqichida tahsil
olmoqda. Ushbu ko‘rsatkich bitiruvchilarning mustahkam akademik tayyorgarligi,
yuqori salohiyati hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llay
olish qobiliyatini namoyon etadi. Shuningdek, bu natija fakultet
bitiruvchilarining xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’limni davom ettirish
va turli akademik muhitlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun zarur
tayyorgarlikka ega ekanini ko‘rsatadi.