Ekran o‘lchami:
Shrift o‘lchami:
Farg‘ona vodiysining boy
tarixiy-madaniy merosini ilmiy asosda o‘rganish yo‘lida yana bir muhim natijaga
erishildi. Farg‘ona davlat universiteti hamda Xitoy Xalq Respublikasining Loyang
shahar arxeologik tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan Quva qadimiy
shaharchasidagi Qubbo shahristonida olib borilayotgan qo‘shma arxeologik
qazishmalar davomida tarix fanlari uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan noyob
topilmalar aniqlandi.
Tadqiqotlar
natijasida miloddan avvalgi asrlarga mansub bo‘lishi taxmin qilinayotgan
qadimiy madaniy qatlamlar hamda mustahkam mudofaa devori qoldiqlari topildi. Arxeologlarning
dastlabki xulosalariga ko‘ra, ushbu hududda miloddan avvalgi davrlardan boshlab
milodiy XII asrgacha uzluksiz hayot kechganini ko‘rsatuvchi muhim moddiy
dalillar mavjud.
Hozirda
aniqlangan topilmalarning aniq davrini belgilash maqsadida radiokarbon usulida
laboratoriya tahlillari olib borilmoqda. Mazkur ilmiy tekshiruvlar natijalari
Quva shahristonining qadimiyligi va tarixiy taraqqiyot bosqichlarini yanada
aniqroq yoritishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qazishma ishlari Farg‘ona davlat
universiteti huzurida tashkil etilgan “Farg‘ona–Luoyang arxeologik tadqiqotlar
markazi” doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu markaz ikki davlat olimlarini
birlashtirib, zamonaviy ilmiy metodlar asosida Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab
shakllangan qadimiy sivilizatsiyalar, shaharsozlik an'analari va madaniy
aloqalarni chuqur tadqiq etishga keng imkoniyat yaratmoqda.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha,
Quvada aniqlangan yangi madaniy qatlamlar va mudofaa inshootlari Farg‘ona
vodiysida qadimgi shahar madaniyatining shakllanishi, uning rivojlanish
bosqichlari hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni
o‘rganishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur qo‘shma loyiha nafaqat
O‘zbekiston va Xitoy olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning yangi bosqichini
namoyon etmoqda, balki Buyuk Ipak yo‘li tarixini yanada chuqurroq o‘rganish,
Farg‘ona sivilizatsiyasining jahon tamaddunidagi o‘rni va ahamiyatini ilmiy
dalillar asosida yoritishda ham muhim qadam hisoblanadi.




