Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 347
  • Ko`rib chiqilganlar 313
    • Takliflar 50
    • Arizalar 262
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

Fidoyi vatandoshlarimiz yodi -abadiy

16:04, 18.11.2021      

Fargʼona davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatagʼon qurbonlari” muzeyi tashabbusi bilan Fargʼona shahar kasb-hunar maktabida “Inson qadri ulugʼ -xotirasi muqaddas” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʼtkazildi.

Qatagʼon yillarida mashʼum “paxta ishi” boʼyicha qoralanib, tazyiqqa olingan Fargʼona farzandi, general-mayor Salim Sobirov xotirasiga bagʼishlangan tadbirda Fargʼona davlat universitet professor-oʼqituvchilari, muzey xodimlari, Salim Sobirovning farzandlari, doʼstlari, hamkasblari, u istiqomat qilgan mahalla vakillari va yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirni universitet tuzilmasidagi “Qatagʼon qurbonlari” muzeyi direktori Sobirjon Siddiqov ochib, Vatanimiz erki, inson haq-huquqlarining himoyachisi, milliy oʼzligimizga sadoqatli boʼlgan zotlar, halol va fidoyiligi uchun mustabid tuzum azobiga yoʼliqqan oddiy xalq vakillari xotirasini abadiylashtirish, ularning pok nomini yodga olish -muqaddas burch ekanligini, bugungi tinch va dorilomon kunlar shukronasi qalblarimizda joʼsh urmogʼi kerakligini taʼkidladi. Qatagʼon yillarining ming-minglab vatandoshlarimiz yostigʼini quritgan dahshatli suronlari haqida soʼzlab berdi.

1946 yildan Fargʼona va Xorazm viloyatlarida ichki ishlar boʼlimi boshligʼi lavozimida faoliyat koʼrsatgan general-mayor Salim Sobirovning insoniy fazilatlari, vatanparvarligi, ona xalqiga muhabbati va sadoqati haqida uni tanigan-bilgan qadrdonlari, farzandlari toʼlqinlanib gapirishdi.

Muzey jamoasi tomonidan fargʼonalik qatagʼon qurbonlari xotirasiga bagʼishlangan viderolik namoyish etildi.

Barcha ishtirokchilar Fargʼona shahridagi “Bozorboshi” MFY va kasb-hunar maktabida tashkil etilgan Salim Sobirov xotira burchagi bilan yaqindan tanishdilar.

Universitet tuzilmasidagi “Qatagʼon qurbonlari” muzeyi tashabbusi bilan har bir shahar-tumanda sobiq mustabid tuzum qatagʼoni qurboni boʼlgan fidoyi shaxslar nomini xotirlash tadbirlari manzilli davom ettirilmoqda.