Farg'ona davlat universitetida "Yangi O'zbekiston - ma'rifatli jamiyat" mavzusida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori P.Otaqulov, Farg‘ona viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari J.Xatamov, Farg‘ona shahar bosh imom xatibi J.Rahmonov fakultetlarning dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda talabalar, OAV vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda so'z olganlar bugungi kunda yosh avlod maʼnaviyati, tafakkurini sog‘lomlashtirishga eʼtibor yanada kuchaytirilgani, o‘g‘il-qizlarning diniy va dunyoviy bilimlarini mustahkamlash, taʼlim muassasasi va oila tarbiyasi mushtarakligi jamiyat rivoji uchun xizmat qilishini taʼkidladilar.
Bunda yurtimizda erishilayotgan yutuqlar barobarida faollashib borayotgan yoshlarimiz orasida bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirib qolayotganlar borligi qayd etildi. Globallashuv davrida axborot xavfsizligi, iste’mol madaniyati va turli axborot hurujlariga qarshi sog‘lom tafakkurni shakllantirish dolzarb vazifaga aylangani aytildi.
Ma'ruzalar davomida talaba-yoshlarga Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimi “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” tamoyili asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgani, Uchinchi Renessansni muhim tayanchi bo‘lgan professor-o‘qituvchilar va talabalar bu jarayonda faol ishtirok etishlari muhim masala ekanligi ta'kidlandi.
Tadbirda ishtirok etayotgan professor-o‘qituvchilar yoshlar ongida vatanparvarlik, insonparvarlik, mehr-oqibat, el-yurt sha’nini ardoqlash kabi ulug‘vor fazilatlarni kamol toptirishda oila, mahalla, ta’lim muassasasi hamkorligi asosida ish tashkil etish masalalarida o‘z fikrlarini bildirdilar.