Farg‘ona davlat universitetida Tarix fakultetining Jahon tarixi kafedrasi tashabbusi bilan «Jahon tarixshunosligida Markaziy Osiyo tarixi masalalari» mavzusidagi birinchi xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Markaziy Osiyoning eng qadimgi davrdan to hozirga qadar bo‘lgan tarixini arxeologik, etnografik, manbashunoslik, tarixshunoslik, arxivshunoslik va fan tarixi nuqtai-nazaridan o‘rganishga qaratilgan yangi tadqiqotlar natijalari chuqur muhokama qilinib, xalqaro ilmiy jamoatchilik orasida keng aprobasiyadan o‘tkazildi.
Xalqaro ilmiy konferensiya ishida Angliya, Fransiya, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Eron islom Respublikasi, Qozog‘iston, Qirgiziston, Tojikiston va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyalari ilmiy xodimlari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, doktorantlar va magistrantlar, shuningdek iqtidorli talabalar o‘zlarining yuzdan ortiq ilmiy maqolalari bilan ishtirok etishdi.
Konferensiya yalpi majlisi yakunida tarix fanlarining hozirgi kunda kam e’tibor qaratilayotgan sohalari bo‘yicha tadqiqotlar olib borish hamda yosh mutaxassislarni aynan mazkur masalalarga bag‘ishlangan ilmiy mavzularga yo‘naltirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi.