Мamlakatimiz yoshlari hayotidagi eng hayajonli va unutilmas kunlardan biri, 25-may sanasida maktablarda so‘ngi qo‘ng‘iroq chalinmoqda va bitiruvchi o‘g‘il-qizlar maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga qadam qo‘ymoqdalar.
Quvonarlisi, shu munosabat bilan muhtaram Prezidentimizning o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchi yoshlariga o‘z samimiy tabriklarini yo‘lladi.
Yurtimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarni qariyib 392 ming yoshlar tamomlamoqda. Ularning safida 12 mingdan ortiq bitiruvchilar o‘qishni oltin medal, 2 mingdan ziyodi kumush medallar bilan yakunladi. Mintaqaviy va xalqaro fan olimpiadalarida 2 ta oltin, 15 ta kumush, 27 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdilar. Bundan tashqari 6 nafar iste’dodli qizlar “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldilar. Bu kabi ko‘plab yutuqlarni ta’kidlab o‘tgan Davlatimiz rahbari unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizga zafarlar tilagan holda, ularni "yangi O‘zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasi" - deya e’tirof etdi.
Darhaqiqat, yoshlar mamlakatning qudrati va ertasidir. Shu bois yoshlarga bo‘lgan e’tibor, ta’limga, o‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik - davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Ushbu jarayonlarda Farg‘ona davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor - Bahodirjon Shermuhammadov ham yoshlarga motivatsiya ulashish, bitiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm-ma’rifatga, oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida Rishton tumanidagi 2-sonli maktabda bo‘ldi. Maktab jamoasi, o‘qituvchilar, bitiruvchilar, o‘quvchi-yoshlar bilan samimiy muloqot olib borgan rektor davlatimiz rahbari tashabbuskorligida yurtimizda olib borilayotgan ta’lim islohotlari mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Universitet rahbari bitiruvchilarni yetuklik shahodatnomalari bilan qutlar ekan, “maktab uzra jaranglayotgan qo‘ng‘iroq sadolari kabi Sizning ovozingiz, so‘zingiz ham butun jahonda baland yangrashiga, bilimingiz va salohiyatingiz dunyo bo‘ylab parvoz qilishiga qattiq ishonaman," - deya o‘z tilaklarini bildirdi.
Aytish kerakki, salkam yetmish yoshni qarshi olayotgan mazkur otaxon ta’lim dargohi bugun mingdan ortiq yoshlarni o‘z bag‘riga olgan bo‘lsa, hozirda 58 nafar bitiruvchilarni mustaqil hayotga yo‘naltirmoqda. Ularning tanlagan yo‘llari, maqsadlari aniqligi, Vatanga sadoqati ko‘zlarida aks etib, yonib turibdi.
Uchrashuv chog‘ida fidokorona mehnati, puxta tajribasi bilan yoshlar mehrini qozongan ustozlar, o‘z bilimi va iqtidori bilan maktabda tengdoshlariga o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh o‘quvchilar, bitiruvchilar universitet rektori tomonidan munosib taqdirlandi.