Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 346
  • Ko`rib chiqilganlar 312
    • Takliflar 50
    • Arizalar 261
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

Xalqning haqli tanlovi: yangi O‘zbekiston yangi marralar sari

14:32, 17.07.2023      

Bugungi sana Yangi O‘zbekiston taqdirida hayajonli va xalqimiz uchun orziqib kutilgan kun sifatida tarixga muhrlandi.

Boisi, joriy yilning 9 iyul kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida 87,05 foiz ovoz bilan xalqimiz ishonchi va mehriga sazovor bo‘lgan Muhtaram Prezidentimiz — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida Prezidentining lavozimiga kirishish oldidan tantanali qasamyod qabul qildi.

“O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman,” – deya qat’iy ishonch va yurak-yurakdan aytilgan bu so‘zlar O‘zbekiston bo‘ylab yangrar ekan, bu qalbdan otilib chiqqan ahd — mamlakatning har bir fuqarosining qalbini egalladi.

Ha, xalqimiz o‘tgan yillar davomida o‘z yetakchisi bilan yangi taraqqiyot davrini — Uchinchi Renessansni boshdan kechirar ekan, Prezident saylovida to‘g‘ri tanlov qilganini chuqur anglab yetdi.

Ayniqsa, qadimdan yurt rahbarini o‘z otasi kabi ko‘ra olgan, millat sardori bilan bir yoqadan bosh chiqargan dono xalqimiz uchun yorug‘ kunlarning tuhfasi bu tanlov. Bugun xalqimizning donish tajribasi, bir mayizni qirq bo‘lishguvchi oqibati, ahilligi, chumoliday mehnatkashligi, kuchli sabr-matonati munosib siylanib, elning o‘zi kabi samimiy, tarixi kabi qudratli, pok qalbi kabi insonparvar Prezident mardona ont va yuksak mas’uliyat bilan davlat boshqaruviga kirishdi. Demakki, milliy taraqqiyot yo‘li yangi marralarni zabt etishga kirishdi. Endilikda dunyo sahnasida jahon hamjamiyati nigohini olamshumul islohotlar bilan o‘ziga tortgan Yangi O‘zbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va yanada yangi o‘zgarishlar davri boshlanadi.

“Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi g‘oya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak.» – deya ta’kidlagan yurt rahbarining shiddati xalqimizga ko‘chdi. Albatta, bu so‘zlar Prezident yuragining amri ekanligi xalqimizga o‘tgan yillar davomida o‘z isbotini ko‘rsatdi.

Xalq ichida “suyagi qotgan” yo‘lboshchimiz o‘tgan davrda odamlarga shonli tariximizdan so‘zlab o‘tirmadi, nurli kelajak to‘g‘risida bashoratlar keltirmadi, zero, Shavkat Miromonovich bugunning rahbari edi. Shu bois, “Odamlar ertaga emas, olis kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak” – deya islohotlardan bir lahzaga to‘xtamadi, buyuk maqsadlaridan, bunyodkorlik shiddatidan, o‘zgarishlar yo‘lidan og‘ishmadi. Tik va adl nigohi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqning qalbini ko‘ra oldi, holbuki, barchasi bugundan boshlanishini haqiqiy liderimiz yaxshi tushunardi.

Hazrati Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Sham bo‘lmoq oson emas! Nur sochmoq uchun avval yonmoq kerak” deya keltirgan hikmatli so‘zlari bizning millat sardori to‘g‘risidagi qarashlarimizga hamohangdir. U jonini qiynab ishladi, xalq uchun kuydi, yonish kerak bo‘lsa, avval o‘zi yondi va sham bo‘lib elimiz yo‘lini yorita boshlagach, hammaning yuragida “Yangi O‘zbekiston” olovini gurkiratib yubordi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, iymonimizni komil etguvchi Qur’oni Karimning “Niso” surasi, 59-, 83-oyatlarida xalq rahbarlari “ulul-amr” ‒ ish egalari deb ataladi. Bu – qo‘li xalqning ishida bo‘lgan, el xizmatidagi rahbar demakdir. Bu suraning tub mohiyatini idrok etar ekanman, xalqimning ishi chin mo‘minning qo‘lida ekaniga amin bo‘ldim. Boshdan do‘ppini olib o‘z taningizga bir o‘ylab ko‘ring, bugun xalqimizning bitmay qolgan yoki bajarilmayotgan qaysi ishi, qaysi xizmati, yetmay qolgan qay murodi bor?

Davlat va jamiyat boshqaruvida birinchi navbatda quyidan yuqori tizimga qadar kuchli intizom va tartib, xalq va ijro organlari o‘rtasida mustahkam ko‘prik o‘rnatilishi, ijro nazorati, rahbarlar faoliyatida tanqidiy tahlil, shaxsiy javobgarlik, ochiqlik, odamlar oldida hisobdorlikni kundalik qoidaga aylanishi – bu jarayonlarning barchasi mohiyatida Davlat rahbarining shaxsiy namunasi yaqqol gavdalanib turadi.

Mana, yurtimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘ydi. Eng katta voqelik esa – jamiyatning milliylashuvi bo‘ldi. Qadr-qimmat, urf-odat, milliyat, o‘z g‘oya va mafkuramiz egasiga, o‘zimizga qaytdi. “Yopishmagan yamoqdek” singib ketolmagan eski siyosiy mafkura oramizdan ko‘tarilib ketdi. Bugun hayotimizning barcha jabhasi o‘zgarishlar ichida, 40 millionga yaqinlashayotgan xalqimiz esa bu islohotlar mohiyatini chuqur anglamoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda.

Aytish kerakki, har bir davrning, har bir mamlakatning o‘z qahramonlari, xalq yetakchilari bo‘ladi. Ular eng qiyin pallalarda jamiyat hayotini, odamlar turmushini yaxshi tomonga o‘zgartira olgan reformatorlardir. Tarix

sahifalarida ular eng kerakli vaziyatlarda mamlakat yukini yelkasiga ko‘tara olgan islohotchilar, siyosiy tuzumni o‘zgartira olgan yoki iqtisodiy inqirozni yecha olgan salohiyatli rahbarlar sifatida muhrlanganlar. Bu borada AQShni “Buyuk depressiya” va Ikkinchi jahon urushi davrlarida boshqargan va butunlay yangi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturiga asos solib, xalq mehrini qozona olgan Franklin Ruzvelt faoliyati tarixiy dalildir. Shuningdek, Bolqon yarim orolini oladigan bo‘lsak, turk olamida zamonaviy dunyoviy davlat yaratgan, keng ko‘lamli siyosiy, ijtimoiy, madaniy islohotlarni amalga oshirgan va o‘z mehnati bilan tarixda “turklarning otasi” nomini olgan Mustafo Kamol Otaturk, Hindiston ichki va tashqi siyosatini poydevorini yaratgan, mamlakatni rivojlantirishning besh yillik rejasini ishlab chiqqan, hind jamiyatidagi mustamlaka-feodal tuzilmasini qayta qurishga boshchilik qilgan va “Yangi Hindiston bunyodkori” nomi bilan tarixga kirgan Javoharlal Neru, Buyuk Britaniya xalqining farovon turmushini ta’minlashga katta hissa qo‘shgan “Temir xonim” — Margaret Tetcher, iqtisodiy jihatdan oqsayotgan Singapurni o‘z “iqtisodiy mo‘jiza”lari orqali dunyoning eng boy davlatlaridan biriga aylantirgan Li Kuan Y...

Bu kabi reformatorlar o‘z xalqining yuragidan joy olgan. Buning boisi, esa ular xalq ichiga, qalbiga kira olgan va ular taqdirini yaxshi tomonga o‘zgartira olgan. Aynan shu buyuk reformatorlar kabi bizning davrimizda, o‘z ona makonimizdan yetishib chiqqan yetakchimiz, shiddatli islohotlar bunyodkori – Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich ham chin ma’noda o‘z xalqining qahramonidir.

Vatan to‘g‘risida eng chiroyli, osmoniy so‘zlarni yozish mumkin, hech kim bitmagan she’rlar yozish mumkin, dil ketadigan qo‘shiqlar aytish mumkin. Lekin mamlakatda yangilanishlar to‘lqinini yaratgan, Yangi Renessans davrining elparvar jadidi – ma’rifatparvar ajdodlarimizning yetuk davomchisi bo‘lgan Davlat rahbari kabi buyuk islohotlar, evrilishlarni amalga oshirish, Navoiy hazratlari aytganlaridek, “onson ermas.» Zero, jiddiy nigoh, mehnatkash yurak, pok vijdon, yuksak ma’naviyat, uzoqni ko‘zlaguvchi donolik, puxta tajriba, o‘tkir mushohada, favqulodda hassoslik, chin insoniylik bilan davrni, odamlar taqdirini o‘zgartirib yuborgan Yangi O‘zbekiston me’mori – Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev — xalqimiz ardog‘iga chindan munosibdir.


Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

Farg‘ona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori,

professor