Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 346
  • Ko`rib chiqilganlar 312
    • Takliflar 50
    • Arizalar 261
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

Islohotlar bag‘ridagi yangi Farg‘ona chinakam baxtni his etayotgan insonlar bilan obod bo‘lmoqda

13:03, 12.08.2023      

Bir xalqning tinch va farovon hayot kechirishi, taqdiridan rozi bo‘lib, shukrona bilan yashashi, jamiyatda insonning qadr-qimmati ustun bo‘lishi, farzandlar musaffo osmon ostida, gullab-yashnayotgan Vatan bag‘rida kamolga etishi, avvalo, yurt rahbariga, katta karvonni nurli manzillar sari olg‘a boshlab ketayotgan oqil sarbonga bog‘liq.

O‘zbekiston kundan-kunga rivojlanib borayotgan, yuksak cho‘qqilar sari shahdam ko‘tarilayotgan, o‘zini har sohada jahonga tanitayotgan davlat. Bu g‘ayrat, shijoat, o‘ktamlik, avvalo, davlatimiz rahbariga xos xususiyatdir. Prezidentimizning hududlarga har bir tashrifi istiqboldagi reja va maqsadlarga erishish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish hamda odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarga yangicha nazar tashlash imkonini beradi. Bugun oddiy odamlar qanday yashamoqda, ularning hayotini yaxshilash uchun yana nimalar qilish kerak, degan savollar har doim ustuvor ahamiyat kasb etgan. SHu bois, davlatimiz rahbari aholi holidan xabar olish, kayfiyatini bilish, odamlar hayoti, hududlarning iqtisodiyoti bilan tanishish maqsadida yaqinda Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Tashrif davomida Prezidentimiz islohotlarning yuksak samarasini Oltiariq tumanidagi uzumchilik tarmog‘i misolida ko‘rib, natijalar bilan tanishdi. Farg‘ona birgina uzumchilikda shunday katta imkoniyatlarga ega ekani, bugun bu hududda minglab odamlar ish bilan ta'minlangani sa'y-harakatlarning amaliy natijasidir. Tumanda 3000 gektarlik bog‘ barpo etilgani, fermerlar, klasterlarga yaratilgan keng imkoniyatlar, qulay infratuzilma, trasport logistikasi, tadbirkorlardagi shiddat, odamlardagi yuqori kayfiyat aholining turmush darajasini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Bag‘dod tumani “Xitoy” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham mahalla ahlining qalbida bir umrga muhrlanib qoladigan bo‘ldi. Mahalla fuqarolarining hayajoni o‘zgacha. CHunki o‘zi tanlagan, saylagan inson bilan uchrashish zavqi ko‘zlardagi yolqinda aks etdi. Qishloq yoshlari bilan samimiy muloqot olib borgan davlatimiz rahbari ularning ezgu maqsadlari, orzu-niyatlarini qo‘llab-quvvatladi, amalga oshishiga ruhlantirdi.

— Bu yil oliy o‘quv yurtiga kirmoqchi edim. 5 yil staji borlar olinar ekan. Tarbiyachilikka kirganimga 2 yil bo‘lgandi. Stajim etmay qoldi... — Ko‘zida o‘kinch va yuzida ming istihola bilan dardini aytdi Davlatoy.

“Prezidentmiz nomidan ertadan o‘qishga kirdingiz”. Davlatimiz rahbarining otalarcha muruvvatidan esa ayolning ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi. “YAxshi o‘qib, o‘qishlarni yaxshi tugatsangiz, men sizdan minnatdor bo‘laman”. CHin yurakdan, mehr bilan aytilgan shu so‘zlar besh nafar qishloq yoshlarining hayot o‘zanini o‘zgartirib yubordi va farg‘onalik yigit-qizlar qalbini tog‘dek to‘lqinlantirdi. Mahalla ahlining quvonchini ko‘rsangiz edi... Qishloqda, butun Bag‘dodda bayram bo‘lib ketdi. Bu g‘amxo‘rlik yoshlarimizni astoydil o‘qishga, yangiliklar qilishga, marrani baland olishga, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga undagani ayni haqiqat.

e'tirof etish kerak, mamlakatda ro‘y bera boshlagan islohotlar to‘lqinida Farg‘onaga ham yangi nafas, yangi hayot kirib keldi. Bu yillar farg‘onaliklar uchun yangi taraqqiyot yillari — YAngi Farg‘ona davri bo‘ldi. Ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va tadbirkorlikka keng yo‘l ochish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish hamda aholining turmush farovonligini oshirish, tibbiy xizmatlar va ta'lim sifatini jahon standartlariga moslashtirish, shahar va qishloqlarni obodonlashtirish borasida erishilgan natijalarni har bir farg‘onalik o‘z hayotida sezdi, his etdi. Qisqa muddatda viloyatning yalpi hududiy mahsulot hajmi qariyb 56 trillion so‘mga teng bo‘ldi. Prezidentimizning taklifiga ko‘ra, qurilish materiallarini ishlab chiqarish Farg‘onaning drayver sohalaridan biriga aylandi. Ta'kidlanganidek, bir paytlar 50 million dollar xorijiy investitsiya olib kirish muammo bo‘lgan Farg‘ona viloyatiga birgina 2022 yilning o‘zida 957,4 million dollar investitsiya jalb qilindi. eksport hajmi esa 2 barobar ko‘paydi. Bugun viloyatda 55 mingdan ziyod tadbirkor faoliyat yuritmoqda, 12 mingga yaqin sanoat korxonasi ishlab turibdi. Hududda elektromobil` ishlab chiqarilmoqda.

Davlatimiz rahbarining yangi O‘zbekistonni bunyodkorlik maydoniga aylantirgani Farg‘ona misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bir paytlar yangi uylar 2–3 yilda bir qurilgan bo‘lsa, hozir viloyatda 6 oyda butun boshli shaharcha barpo etilishiga erishildi. YAngi O‘zbekiston massivlari barpo etilishida “Bag‘dod tajribasi” andoza qilib olindi.

Bu islohotlar ko‘lami oliy ta'lim tizimida ham yangi davrni boshlab berdi. Farg‘ona davlat universiteti misolida aytsak, bir asrlik tarixga ega oliy ta'lim muassasamiz faoliyatida yangilanish bosqichi ro‘yobga chiqdi. Ispaniyaning Webometrik, Avstraliyaning UniRank, Gruziyaning RUR kabi nufuzli xalqaro reyting tashkilotlari ro‘yxatida yuqorilayotgan universitet Buyuk Britaniyaning mashhur THE (Times Higher Education) agentligi reytingida 14 indikator bo‘yicha yuqori o‘rinni egalladi. Demak, ilm ahlida, yoshlarda ilmga munosabat tubdan o‘zgaryapti. YOndashuvlar butkul yangilana boshladi, soha to‘liq isloh etilish davrini boshdan kechirmoqda.

Sanayversak, muvaffaqiyatli odimlarning sanog‘iga etish mushkul. Muhimi, bunday salmoqli natijalarga qanday zahmat va mehnat, katta kuch bilan erishilayotganini xalqimiz, xususan, yoshlarimiz teran anglab borayotir. Odamlarning ertangi kungi ishonchi tobora mustahkamlanib, bugunidan rozilik hissi, islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi oshayotir. SHu bois, hayoti, taqdiri, kelajagidan ko‘ngli to‘lib, chinakam baxtni his etayotgan yurtdoshlarimiz mamlakatimizdagi islohotlarda faol ishtirok etishga shaylik ruhi bilan yashamoqda.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

Farg‘ona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor