Farg‘ona shahridagi "Meridian Diagnostic Hospital" tibbiyot markazi rahbari Nurillo Mamasodiqov hamda Bag‘dod tumanidagi "G‘ofurjon dehqon" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Odiljon Xodjayevlar bugun Farg‘ona davlat universiteti Iqtisodiyot fakultetining o‘qituvchi va talabalari bilan uchrashdilar.
Tadbir davomida tadbirkorlar tomonidan yurtimizda bu sohaning rivojlanishi uchun berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi. Har ikki tadbirkor ham so‘nggi yillarda tadbirkorliklarini yanada rivojlantirish maqsadida ana shunday imtiyozlardan unumli foydalanib kelmoqdalar. Mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan har ikki tadbirkor "Shuhrat" medali bilan taqdirlanishdi.
Nurillo Mamasodiqov rahbarligidagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida viloyatimizning yirik kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Meridian Diagnostic Hospital” MCHJ muassisligida tashkil etilgan Central Asian Medical University (Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti) loyihasi uchun tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan 128 milliard so‘m yo‘naltirildi.
“Meridian Diagnostic Hospital” MCHJ tarkibida hozirgi kunda viloyatimizda deyarli barcha yo‘nalishlarni qamragan 10 ta tibbiy diagnostik klinikalar faoliyat olib bormoqda. Tadbirkor tomonidan Andijon shahrida “Andijon tibbiy diagnostika” MCHJ, Farg‘ona shahrida “Ideal Diagnostik” MCHJ, Qo‘qon shahrida “Qo‘qon tibbiy diagnostika” MCHJ hamda Farg‘ona shahrida 7.5 mln. dollarlik “Meridian Diagnostic Hospital” MCHJlar tashkil etilib, bemorlarda kasalliklarni barvaqt aniqlash, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish borasida sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga tadbirkorlardan javoblar olishdi.