Oliy ta’limda iqtidorli talabalarni rag‘batlantirishga qaratilgan sport va ta’limga oid bir qator musobaqa hamda tanlovlarning o‘tkazilishi ular bilimini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish, salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan Farg‘ona davlat universitetida joriy yilning o‘zida 100 dan ortiq musobaqa va tanlovlar oʻtkazildi va bunday tadbirlarga 20 000 nafardan ortiq talaba-yoshlar qamrab olindi.
Xususan, 2023 yilning noyabr oyida Buxoro shahrida ilk marta oʻtkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” respublika bosqichida talaba-qizlarimiz stritbol boʻyicha faxrli 1-oʻrinni, futbol boʻyicha 2-oʻrinni egallab, mamlakat miqyosida 200 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari oʻrtasida e'tirof etildi.
Bundan tashqari oliygoh miqyosida"Talabalar teatr studiyasi", "Milliy qadriyatlar targʻibotchisi", "Yil talabasi" kabi ko‘plab tanlovlar tashkillandi.
Mazkur tanlovlarda faol ishtirok etgan, g‘olib bo‘lgan talaba – yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida oliygohda kuni kecha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda "Besh tashabbus olimpiadasi"ning 5 ta sport turi voleybol, engil atletika, stol tennisi, stritbol va minifutbol turlari boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 105 nafar talabalar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari "Talabalar teatr studiyasi" tanlovida gʻolib boʻlgan jamoalar 10 000 000 soʻm, "Milliy qadriyatlar targʻibotchisi" koʻrik-tanlovi gʻoliblari 15 000 000 soʻm, an'anaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan "Yil talabasi" tanlovi gʻoliblari boʻlgan 23 nafar talabalarga jami 44 220 000 soʻmlik vaucherlar topshirildi.
Iqtidorli talabalarni qo‘llab quvvatlash va rag‘batlantirish ulardagi qobiliyatlarni rivojlanishiga va kelajakda o‘z sohasining eng kuchli mutaxassislari bo‘lib yetishishlarida yordam beradi.