Yoshlar orasida sportni ommalashtirish ularning kelajakda jismoniy barkamol bo‘lib yetishishlarida katta ahamiyatga ega. Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov tashabbusi bilan oliygohda sportning ko‘plab turlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, universitetda yangi futbol jamoasi tuzilib, millionlar o‘yini bo‘lgan futbolni rivojlantirish maqsadida turli tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, futbol jamoaga yangi bosh murabbiy etib, o‘zbek futbolining haqiqiy afsonasi, "Shuhrat" medali sovrindori, "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi" - Sergey Lebedov tayinlandi.
Bu harakatlar albatta tez orada o‘z natijasini ko‘rsatdi.
Samarasi esa FarDU futbol jamoasining birin ketin erishgan yutuqlarida namoyon bo‘la boshladi. Quvonarlisi, yaqinda Farg‘onada start olgan futbol bo‘yicha viloyat birinchiligi - Ikkinchi liga bahslarida "FarDU" jamoasi "Jarqo‘rg‘on" klubiga qarshi to‘p surdi va chiroyli o‘yin ko‘rsatib, 3:2 hisobida g‘alabaga erishdi. Mazkur natija orqali jamoa Birinchi liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Muntazam o‘z ustida ishlash, maqsadlari yo‘lida tinimsiz mehnat qilish insonni albatta muvaffaqiyatga yetkazadi. FarDU futbol jamoasining keyingi musobaqalarda ham g‘alaba qozonganlar safida bo‘lishiga ishonamiz.