Bugun Farg'ona davlat universitetida “Yoshlar forumi” haftaligi doirasida yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi yil rejalari muhokamasiga bag'ishlangan “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti tashkil etildi.
Ushbu yuqori saviyada bo'lib o'tgan muloqot shaxsan FarDU rektori Bahodirjon Shermuhammadov tomonidan olib borildi.
Muloqot avvalida oliygoh rahbari talaba – yoshlarning sifatli ta’lim olishlari, o‘z ustida tinmay izlanishlari, yuksak salohiyat va bilimga ega bo‘lishlari mamlakat kelajagi uchun eng ahamiyatli va dolzarb masala ekanini ta’kidlab o‘tdi. “Zero, talabalar – yoshlarning yetakchilari. Ularning bugungi izlanishlari, ilm yo‘lida mehnat qilishlari va jarayonlarda toblanib kamolga yetishlari jamiyatimiz gullab – yashnashi, rivojlanishida muhim vositadir. Qaysiki jamiyatda yuksalish yuqorilab borayotgan bo‘lsa, demakki, o‘sha jamiyatda ta’lim rivojlanmoqda”, deya fikr bildirdi Bahodirjon Shermuhammadov.
Ochiq muloqotda talabalarning o'quv jarayoni, turar joylari hamda ijara xonadonlarida yashash sharoitlari, moddiy va ma'naviy ehtiyojlari, ularning bo‘sh vaqti qanday tashkil etilishiga doir masalalar kun tartibida bo'ldi.
Muloqot davomidatalabalarning tashabbuslari, murojaatlari va maqsadlari eshitildi. Masalalar yuzasidan tavsiyalar berildi, muammolar o‘rganildi va ko‘rib chiqish hamda bartaraf etish uchun belgilab olindi. Talabalarga qishning sovuq kunlarida salomatligiga e’tibor qaratishlari, issiq kiyinib vaqtida ovqatlanib yurishlari eng asosiy vazifa ekani aytib o‘tildi.
Hayot doimo manfiy va musbat holatlardan iborat. Inson oq va qoraning farqiga borib harakat qilsa, oldiga qo‘yilgan maqsadiga erishishi yo‘lida qarshisiga chiqqan to‘siqlarni yengib matonat bilan o‘tsa, saodatli va baxtli kelajakni yarata oladi. Buning uchun har doim o‘qib o‘rganishdan charchamaslik kerak. Yashash uchun yorug‘ dunyoga bir martta keladigan Hazrati inson albatta, baxtli bo‘lishga haqli. Ammo avlodlar tarbiyasida yo‘l qo‘yilgan qandaydir xato, kamchilik bir kuni jamiyatning halokatiga sabab bo‘lishi mumkin. Zero, Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”.