Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 344
  • Ko`rib chiqilganlar 307
    • Takliflar 50
    • Arizalar 259
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 37

“O‘zbekistonlik” degan nomga munosiblik mas’uliyati

11:26, 03.01.2024      

Insonga odamiylik sharafini bergan va uni ongsizlikdan ajratib turuvchi bir oliy sarhad borki, uning nomi ma’naviyatdir. Millatning taraqqiyoti, xalqning mafkuraviy qiyofasini aks ettiruvchi bu buyuk kuch- yoshu-qari, qattayu kichikni bir maqsad ostida birlashtirish qudratiga ega.

Zero, yangi O‘zbekistonni yaratish g‘oyasi ham, Vatan va xalq birligiga ishonch ham ma’naviy ildizlardan kurtak otgani rost. Ma’naviyat bor ekan, inson va borliq haqiqatni o‘z suratida, o‘z ranglarida ko‘ra oladi. Oftobni berkitib bo‘lmagani kabi oyinani ham yashirib bo‘lmaydi. Zulmatni bir parcha nur bilan nurafshon etuvchi, jaholatni chil-parchin qiluvchi ma’naviyat shu bois turli kurashlarni boshidan kechiradi.

Jaholat ahli ma’naviyatni, ilm ziyosini singdira olmaydi, aslo ko‘ra olmaydi ezgulik qiyofasini. Manfaatlar to‘qnashadi, bu to‘qnashuvlar, kurashlar qadim, ilgari, kecha ham bo‘lgan, bugun ham davom etmoqda. Lekin ertaga bo‘lmasin, bugun biz bormiz, erta uchun javobgarmiz. Milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarimizning o‘z egasi bor...

Mana shu o‘ylar, shu o‘rtanishlar davlat yetakchisining firku-yodida, tunu-kun nigohida, har islohotida, olib borayotgan siyosatida mujassam.

Xususan, yaqinda Prezidentimiz raisligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilganyig‘ilishida ham shu qarashlar o‘rtaga tashlandi, jiddiy va uyg‘oq savollar qo‘yildi, ma’naviyat ahli mulohazaga chorlandi.

To‘g‘ri, yaqin tarixga qaytadigan bo‘lsak, mamlakatda ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hayot juda tez taraqqiy eta boshladi. Insonlarning maqsadlari, umidlari, ertangi rejalari o‘zgardi, kitobxonlik ko‘ngilga sig‘a boshladi, yoshlar ilmga qaytdi, iqtidor va iste’dod egalari -rassomlaru, raqqoslar o‘z ustida ishonch bilan ishlay boshladi, teatrlar jonlandi. Ijod ahli balandparvoz qalamni tashladi va ko‘ngil istagini yoza boshladi.

Biroq, milliy taraqqiyot ortidan tushib, qulay payt poylab kelayotgan yovuz jaholat kuchlari, mafkuraviy kurashlar ham o‘z tahdidlari ko‘rinishi, shakl-shamoyili, rangu tusini o‘zgartirib, insoniyat ongi va shuurini egalllash uchun fursat kutmoqda.

Mamlakatimiz rahbari bu xavf-xatarlar qarshisida ham kuchli siyosiy tajriba va yetuk salohiyat bilan xalqimizga ochiq-oydin yo‘l ko‘rsatmoqda.

- "Ma’naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak" -degan so‘zlar mohiyati esa o‘zini shu millatning bir bo‘lagi deb bilgan, taqdirini shu el bilan bog‘lay olgan,“o‘zbekistonlik” degan nomga munosiblik mas’uliyatini his etayotgan har bir vatandoshimizni qalbiga kirib borgan jadidona bir xitob bo‘ldi.

Darhaqiqat, bugun ma’naviyat oldinda yurib, yo‘limizni yoritmasa, ertaga kelajakning nigohi qorong‘uda teran bo‘lmaydi. Muhimi, ma’naviy himoya uchun o‘z maqsadu, rejalarimiz, azmu-qarorlarimiz shaydir. Shu bois, Davlatimiz rahbari aniq va puxta yechimga ega takliflarni ilgari surdi, mutassadilar oldiga muhim vazifalarni qo‘ydi.

Shuningdek, alohida e’tirof etish kerakki, Davlatimiz rahbari mazkur videoselektorda o‘zbek tilini o‘qitish samarasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Milliy sertifikatga ega bo‘lgan “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga yangi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanishi qayd etildi. Quvonarlisi, o‘zbek tili bo‘yicha endilikda mamlakatimizda xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi.

Bu oqilona qarorlar mohiyatida til targ‘ibotchilarining qadr-qimmatini yuksaltirish pirovardida hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tilining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqbolini asrash, ona tiliga ehtirom orqali yosh avlod ongida o‘zbek ma’naviyati va ma’rifatiga bo‘lgan hurmatni oshirishday ulug‘ maqsadlar turibdi.

Zotan, mamlakatni yorug‘ manzillarga olib chiqish maqsadi bilan yongan millat oydinlari – jadidlarning bundan bir asr oldin “milliy til”, “millatning savodi” deya qayg‘urganlari bejiz emas edi. Sir emaski, milliy ong uyg‘ongan tong - milliy tildagi maktablardan, milliy ruhdagi qo‘shiqlardan va milliy ma’naviyat bilan sug‘orilgan teatrlardan boshlangan.

Davlatimiz rahbari kun tartibiga qo‘ygan 9 ta ustuvor vazifa aynan shu tarixiy haqiqatni takrorlayotgani esa - millat yetakchisining bugunning jadidi ekanligini ayon etmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, jaholatga undovchi kuchlar anglab turganidek, bugun o‘zbek xalqi kechagi xalq emas. Milliy yakdillik, birdamlik bilan Yangi O‘zbekistonni qurayotgan xalqning tafakkuri ham, mafkurasi ham endi yangicha. Farzandlarimiz ham milliy yakdillik, ma’naviy teranlik, o‘zlikka sadoqat, dunyoga o‘zbek bo‘lib yuzlanish baxtini chuqur his etgan. Demakki, bu yo‘ldan og‘ishmaymiz va milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topayotgan yetuk kadrlar bilan yakdillikda Yangi O‘zbekistonni barpo etguvchi kuch bo‘lamiz.

Bahodirjon Shermuhammadov,

Farg‘ona davlat universiteti rektori