Sharq qadimdan allomalar yurtidir. Bu tabarruk maskanda tug‘ilib ulg‘aygan qancha daholar bugun ham dunyoni hayratda qoldirayotgani haqiqat. Aqlu zakovati bilan o‘z davridan bir necha asrlar oldinga o‘tib ketgan Ibn Sino, Buxoriy, Farg‘oniy, Beruniy kabi juda ko‘plab ahli ilmlarning davomchilari ekanimizdan hamisha faxrlanamiz. Va ularga munosib avlodlar bo‘lish bizning muqaddas burchimizdir.
Davlat rahbarimizning ta’lim sohasida amalga oshirayotgan islohotlari yoshlarimizga har tomonlama zamonaviy bilimlarni mukammal egallash imkonini bermoqda. Oliy ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan olimlar mehnatlari ijobiy taqdirlanmoqda. Buning natijasida hozirgi vaqtga kelib universitetlardagi ilmiy salohiyatning yuksalishi e’tiborga loyiqdir.
Xususan, Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida olimlar soni 2023 yil davomida 224 nafarga ko‘paydi.
O‘tgan 2023 yil davomida Farg‘ona viloyatidagi 13 ta oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja olgan olimlar soni 224 nafarga oshgan.
Bulardan 191 nafari Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan bo‘lsa, 33 nafari Fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘ldilar.
2023 yil davomida eng ko‘p ilmiy daraja olgan olimlar Farg‘ona davlat universitetida bo‘ldi: 90 nafar Falsafa doktori (PhD) va 16 nafar Fan doktori (DSc). Keyingi o‘rinlarni Farg‘ona politexnika instituti (40 nafar PhD va 7 nafar DSc) va Qo‘qon davlat pedagogika instituti (36 nafar PhD va 2 nafar DSc) egalladi.
Ta’lim va tarbiya insoniylikning eng yuksak fazilati hisoblanadi. Mehnat, mas’uliyat, ijodkorlik bilan olimlar safida bo‘lish, vatan va xalq manfaati uchun foyda keltirish eng buyuk baxtdir.