Bugungi kunda dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan korrupsiya illati azaldan davlat va jamiyat ravnaqiga to‘sqinlik qilib kelayotgan omillardan biri hisoblanadi.
Korrupsiya termini lotincha “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, uning etimologik ma’nosi “buzish, sotib olish” degan ma’noni bildiradi.
Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy–iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida inson huquqi va erkinlarining poymol bo‘lishiga olib keladi.
Bugun demokratik jamiyatimizning dolzarb masalalaridan sanaluvchi korrupsiya illatiga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, uni tomori bilan yo‘q qilish yo‘lidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilib, unga qarshi harakatlarning huquqiy asosi takomillashtirilmoqda.
Korrupsiya keltirib chiqarayotgan oqibatlar jamiyatlarni ich-ichdan yemirib, demokratik va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, iqtisodiy rivojlanishni izdan chiqaradi, jamiyat va davlat uchun o‘rta xavfli bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik va terrorizmning keng yoyilishiga sharoit yaratib beradi.
Korrupsiya mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy huquqiy hodisadir.Bu illat har qanday jamiyatning siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga zarar yetkazadi. Jamiyatning ma’naviy axloqini yemiradi, qonun ustuvorligini kuchsizlantiradi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini jiddiy tarzda buzilishiga olib keladi. Shu bilan birga, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va insoniyat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa tahdidlarning o‘sishiga yordam beradi. Uning domiga ilingan amaldor shaxsiy manfaatini davlat manfaatidan ustun qo‘yishi natijasida mamlakatning siyosiy va iqtisodiy yo‘liga hamda aholining aksariyat qismiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazadi, chet ellik investorlarda ham ishonchsizlik uyg‘otadi va ularni hamkorlikdan qaytaradi.
Bu illatga qarshi kurashni jahon talablari asosida shakllantirish maqsadida 2008 yilda mamlakatimiz BMTning "Korrupsiyaga qarshi" konvensiyasini ratifikatsiya qildi va shu yili "Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Korrupsiyaga qarshi" konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishi to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilingan. Ushbu konvensiya talablari korrupsiyaga oid milliy qonunchilikni yana bir bor tahlil etish, zaruriy huquqiy meyorlarni qabul qilish va shu orqali korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.
Oliy Majlis tomonidan 2011 yilda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilganligini ko‘rsatib o‘tish lozim.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi, shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturining qabul qilinganligi yurtimizda korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklaring oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5729-sonli farmoni bu borada izchil sa’yi harakatlarning mantiqiy da’vomi bo‘lib, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini yanada oshirish, eng yuqori darajadagi qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratish va mustahkamlashga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq 2020 yil 29 iyunda tashkil etilgan.
Afsuski, yurtimizda bu borada yetarlicha normativ huquqiy hujjatlar qabul qilishiga qaramasdan korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda.
Korrupsiya va poraxo‘rlik jamiyat barqarorligining muhim asosi bo‘lgan adolatning yo‘qolishiga olib keladi.
Birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kuchi bilan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda ijobiy natijalarga erishish qiyin. Shuning uchun keng jamoatchilikning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, huquqiy savodxonlikni oshirish lozim.
Farg‘ona viloyat sudi sudyasi:U.Xo‘jaqulov