Bugun Farg‘ona davlat universitetining Filologiya fakultetida “Filologiya fakulteti zamon bilan hamnafaslikda: kecha, bugun, ertaga” mavzusida brifing hamda press-tur bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hududida faoliyat olib borayotgan OAV vakillari jurnalistlar va blogerlar, shuningdek, fakultet rahbariyati, professor - o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar.
Tadbirda ishtirokchilar fakultet jamoasi hamda yoshlarga yaratilgan sharoitlar, o‘quv xonalari, sport zallari, futbol maydoni, kutubxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar, shu bilan birga qardosh xalqlarning taniqli namoyondalari - Ibroyim Yusupov, Chingiz Aytmatov xonalari bo‘ylab sayohat qildilar. Xalqaro hamkorlik doirasida o‘qituvchilar va talabalarning akademik almashinuv jarayonlari, kafedralar faoliyati, ilmiy salohiyati, chop etilayotgan o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar, tashkil etilgan turli ma’naviy va sport to‘garaklariga talabalarning qamrab olinishi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Kunning ikkinchi yarmida jurnalistlar uchun fakultetning majlislar zalida brifing tashkil etildi. Tadbirni kirish so‘z bilan ochib bergan fakultet dekani, filologiya fanlari doktori, dotsent - E.Ibragimova tomonidan fakultetning kechagi va bugungi faoliyati, o‘quv, ilmiy, innavatsion, xalqaro doirada amalga oshirilgan ishlar, ijobiy o‘zgarishlar, yuksak natijalar haqida slaydlar orqali ma’lumot berildi. Kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar loyihalari taqdimot qilindi. Ochiq muloqot tarzida davom etgan jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Xususan, ta’lim yo‘nalishlari, qabul qamrovi, talabalar amaliyoti jarayoni, magistratura va doktorantura bosqichi borasidagi savollar OAV vakillarining e’tibor markazida bo‘ldi. Jumladan, brifingda so‘z olgan Farg‘ona teleradio kompaniyasi birinchi toifali jurnalisti, filolog M.Xomidova oliygoh axborot xizmati faoliyatining tashkiliy jihatlari bilan qiziqdi. Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan “Yangi Farg‘ona” gazetasi muhbiri Q.Shermatov gazeta faoliyatida aynan mazkur fakultet jamoasi va talabalarining juda faol ekanini alohida qayd etdi. Fakultetning zamonaviy qiyofasi, bugungi kundagi erishayotgan natijalari “Farg‘ona haqiqati” gazetasi muhbiri M.Ergasheva tomonidan e’tirof etildi.