Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish hamda talabalarga qulaylik yaratish, jahon andozalariga mos oliy ta’lim xizmatlarini tashkil etishmaqsadida so‘nggi yillarda Farg‘ona davlat universitetida ko‘plab yangi o‘quv binolari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Xususan, yaqinda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan FarDUning 1200 o‘rinli yangi o‘quv binosi ham Farg‘ona shahriga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlayotgan inshootlardan biriga aylanmoqda.
Bugun oliygoh rektori Bahodirjon Shermuhammadov mazkur hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini o‘rgandi.
Shaharning Yuksalish ko‘chasida joylashgan San’atshunoslik fakulteti hududidagi bo‘sh yer maydoniga barpo etilgan 7 qavatli ushbu bino- shinam o‘quv xonalari, keng va yorug‘ ma’ruza zallari, zamonaviy auditoriyalar, kompyuter xonalari, anjumanlar saroyi, sport mashg‘ulotlari xonalaridan iborat.
Shuningdek, binoda talabalar uchun bufet, smart o‘quv va innovatsion IT zallari mavjud bo‘lib, moddiy-texnik jihatdan to‘liq ta’minlanmoqda.
Barcha o‘quv xonalari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, interaktiv panellar, kuzatuv kameralari bilan jihozlanmoqda.
Bu yerda talaba-yoshlar uchun yaratilgan sharoitni o‘rgangan universitet rektori hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, kampusga alohida e’tibor qaratish, ma’naviy-ma’rifiy markaz faoliyatini moddiy-texnik jihatdan kuchaytirish zarurligini bildirdi.