Farg'ona davlat universitetida ta'lim olayotgan So'x tumani talaba-qizlari uchun bugun oliygoh Axborot-resurs markazida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazildi. Pedagogika nazariyasi va tarixi yo'nalishi magistranti Mohtobaxon Saydaxmatova koordinatorligida shu kuni FarDUda ilk marotaba "So'x lider qizlar klubi"ga asos solindi. Ushbu klubni tashkillashda so'xlik talaba-qizlar iqtidorlarini yuzaga chiqarish, ularni ma'nan va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, shuningdek, So'x tumani tarixi, milliy urf-odatlari hamda an'analarini keng yoritish maqsadlari ustuvor ahamiyatga ega bo'ldi. Bu kabi klublar faoliyatini yuzaga chiqarish kelgusida talabalarning o‘z vataniga, millatiga sidqidildan xizmat qiluvchi haqiqiy vatanparvar bo‘lib yetishishlarida pillapoya vazifasini bajaradi.