Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston Birinchi ligasida 6-tur uchrashuvlari start oldi. Tur doirasida Sergey Lebedev bosh murabbiyligidagi Farg‘ona davlat universitetining "FarDU" futbol klubi o‘z maydonida Toshkent viloyati futbol akademiyasi jamoasini qabul qildi.
Futbol uchrashuvi kutilganidek, "FarDU" jamoasining shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Tezkor tashkil etilgan ana shunday hujumlar natijasida o‘yinning 7-daqiqasidayoq hisob ochildi. Tajribali hujumchi Otabek Zokirov mehmonlar jarima maydoni ichkarisida yuzaga kelgan qulay imkoniyatdan foydalanib, hisobni ochdi - 1:0.
Uchrashuvdagi ikkinchi gol ham birinchi bo‘limning o‘zida kiritildi. 39-daqiqada "FarDU" to‘purari Riza Ayvazov qanotdan yetkazib berilgan to‘pga aniq zarba yo‘llab, chiroyli gol urdi - 2:0. Bellashuvning birinchi bo‘limi ayni shu hisob bilan yakuniga yetdi.
Ikkinchi bo‘lim ham bugungi bahsni kuchli ishtiyoq bilan o‘tkazayotgan "FarDU" jamoamizning katta ustunligi ostida o‘tdi. Ketma-ket tashkil etilgan keskin hujumlar natijasida futbol klubimiz vakillari Toshkent viloyati futbol akademiyasi jamoasi darvozasiga yana 3 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldilar.
48-daqiqada Otabek Zokirov, 51-daqiqada Riza Ayvazov va hakam tomonidan o‘yindagi to‘xtalishlar o‘rnini qoplash uchun qo‘shib berilgan daqiqalar yana o‘sha Otabek Zokirov mehmonlar darvozasiga gol urishning uddasidan chiqdilar. Ta’kidlash joiz, uchrashuvda jamoamiz hujumchilari - Otabek Zokirov xet-trik (3 ta gol), Riza Ayvazov dubl (2 ta gol) qayd etdilar.
"FarDU" futbol klubi ishtirokidagi mazkur futbol bahsini universitetimiz rektori Bahodirjon Shermuhammadov ham stadionning o‘zidan kuzatib bordi va yirik hisobdagi g‘alaba bilan jamoa vakillariga samimiy qutlovlarini izhor qildi. Shu tariqa, bayramona kayfiyatda o‘tgan futbol uchrashuvi Farg‘ona davlat universiteti jamoasining yirik 5:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati.
Birinchi liga. 6-tur.
FarDU - Toshkent viloyati futbol akademiyasi 5:0
Gollar: Otabek Zokirov, 7 (1:0), Riza Ayvazov, 39 (2:0), Otabek Zokirov, 48 (3:0), Riza Ayvazov, 51 (4:0), Otabek Zokirov, 90+1 (5:0)