Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 344
  • Ko`rib chiqilganlar 307
    • Takliflar 50
    • Arizalar 259
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 37

Farg‘ona davlat universitetida ish o‘rinlari qisqarishi to‘g‘risida ma’lumot

14:08, 31.05.2024      

2019-2020- o‘quv yilida Farg‘ona davlat universitetida 13569 nafar talaba ta’lim olgan.

2020-2021 yillarda pandemiya sharoitida qo‘shni va xorijiy davlatlardan juda ko‘plab talabalar o‘qishi ko‘chirishi natijasida mamlakatimizning chegara xududida joylashgan Farg‘ona davlat universiteti talabalari kontingenti keskin oshdi.

Natijada 2022-2023-o‘quv yilida talabalar kontingenti 32000 nafarni,2023-2024 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 29981 nafar talabani tashkil etdi. Talabalar kontingentining oshishi, akademik guruxlarning ko‘payishiga, bu esa o‘z navbatida dars soatlari va ish xajmining ko‘payishiga olib keldi. Vaziyat taqozosi bilan universitet kafedralaridagi o‘qituvchilarning ham soni oshdi.

Aynan pandemiya sharoitida Farg‘ona davlat universitetiga o‘qishini ko‘chirib kelgan ko‘p sonli talabalar joriy yilda o‘qishni tamomlamoqda.

2024 yilda universitetni 9500 nafardan ortiq talabalar bitirishi kutilmoqda. Yangi o‘quv yilida universitetga 4500 nafar talabalar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Buning natijasida universitetda bitiruvchi talabalar soniga nisbatan qabul qilinayotgan talabalar soni keskin kamaymoqda.

Bundan tashqari Farg‘ona davlat universitetida 2024/2025-o‘quv yilidan universitetda barcha kurslar to‘liq kredit-modul tizimi asosida o‘qitiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 16 iyuldagi “Oliy ta’limning Davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 311-son buyrug‘iga asosan haftalik nazariy o‘qish kunlari 6 kundan 5 kunlikka o‘tkazildi. Ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalarida haftalik o‘quv yuklamasi o‘rtacha 36 soatdan 26 soatgacha kamaytirildi. Shuningdek, o‘quv auditoriya soatlari qisqartirilib, mustaqil ta’lim soatlari 60 foizga yetkazildi. Ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv rejalarida mutaxassislik fanlari soni oshib, nomutaxassislik fanlar soni kamayishi kuzatildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021 yil 30 dekabrdagi 53-2021 sonli “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sohalari (ta’lim yo‘nalishlari) bo‘yicha bir nafar o‘qituvchi hisobiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbatining normativlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan bir nafar o‘qituvchi hisobiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbati oshirilgan.

Universitetda so‘nggi 2 o‘quv yili davomida professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklama miqdori o‘rtacha 20 foizgacha kamaytirildi.Shunday bo‘lsada, universitetda talabalar sonini keskin kamayishi, o‘quv auditoriya soatlari, haftalik o‘quv yuklamalari hamda nomutaxassislik fanlari soni qisqarishi natijasida yangi o‘quv yilidan ayrim kafedralarning shtat birliklari qisqarishi kutilmoqda.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Farg‘ona davlat universitetida 2024-2025 o‘quv ishlar xajmi keskin qisqarishi munosabati bilan ayrim kafedralarning professor-o‘qituvchilariga ish beruvchi tomonidan qonunda belgilangan tartibda ogoxlantirish berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasiga asosan:
“texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlari sonining yoki shtatining o‘zgarganligi” ish beruvchinig tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishga asos bo‘ladi.

Mazkur kodeksning 165-moddasi talablariga ko‘ra: “Mehnat shartnomasi texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq bo‘lgan tashkilot xodimlarining soni yoki shtati o‘zgarganligi munosabati bilan bekor qilinganida ish beruvchi xodimni kamida ikki oy oldin ogohlantirishi shart”.

Qoida tariqasida, mehnat munosabatlarida kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ogoxlantirish ishlar xajmi qisqarayotgan bo‘lim (bo‘linma, sex, kafedra) da ishlovchi barcha xodimlarga beriladi.

Masalan, kafedrada 20 nafar professor o‘qituvchi faoliyat olib boradi, ishlar xajmi qisqarishi bilan ularni soni 2 nafarga qisqartirilib, 18 nafarga kamayishi lozim bo‘lgan taqdirda ham ogoxlantirish faqat 2 ta professor o‘qituvchiga emas, balki, barcha (20 nafar) professor o‘qituvchilarga beriladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan kodeksning 167-modda talablariga ko‘ra:

“Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq holda tashkilot, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) o‘zgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi bo‘yicha bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq bo‘lgan xodimlarga beriladi”.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, ogohlantirish berish – ishdan bo‘shatish degani emas.

K.Israilova,

Farg‘ona davlat universiteti matbuot kotibi