Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 344
  • Ko`rib chiqilganlar 307
    • Takliflar 50
    • Arizalar 259
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 37

Ta’lim, fan va xorijiy tajriba: Farg’ona davlat universitetida Xalqaro hamkorlik va turizm markazi ochildi

18:10, 10.07.2024      

O’z faoliyatini innovatsion yondoshuvlar asosida isloh etayotgan Farg’ona davlat universiteti ham xalqaro tizimda ko’plab yangiliklarni joriy qilmoqda.

Xususan, bugun Farg’ona davlat universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida Xalqaro hamkorlik va turizm markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov markaz ish jarayoni bilan yaqindan tanishar ekan, jahonda yuqori nufuzga ega bo’lgan QS (Quacquarelli Symonds) va Buyuk Britaniyaning “Times Higher Education” xalqaro reytinglaridagi FarDU ko’rsatkichlari bilan qiziqdi.

“Yaqinda Times Higher Education - “THE” reyting agentligi e’lon qilgan «Impact Rankings» yo‘nalishi natijalariga ko‘ra, 5 ta indikator bo‘yicha FarDU TOP 500 universitetlar ro‘yxatidan o‘rin egalladi,” – deydi universitetning Strategik rivojlanish va xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshligi Javohir Sultonov vazir bilan suhbat jarayonida.

Endilikda bu yangi markaz oliygoh va xalqaro maydonda yuqori nufuzga ega bo’lgan universitetlar hamkorligini ta’minlash, oliy ta’limga eng samarali xorijiy ta’lim xizmatlarini tatbiq etish, viloyatda turizm salohiyati va jozibadorligini oshirishda amaliy va nazariy jihatdan ko’maklashish, xalqaro akademik almashinuvlarni amalga oshirish kabi yo’nalishlarda muhim vazifalarni bajaradi.

“Bundan tashqari, markaz huzurida FarDU Til o’rgatish markazi va Tarjima markazi faoliyati yo’lga qo’yilgan. Ushbu markazlarda «El-yurt umidi» jamg‘armasi ta’lim dasturlari orqali dunyoning eng rivojlangan oliy ta’lim muassasalarini bitirib qaytgan yetuk mutaxassislar ish olib bormoqda, markazimiz - o‘quv kurslari tashkil etish orqali universitet uchun xalqaro miqyosdagi kadrlarni yetishtirish, ularning xorijiy tillarni mukammal egallashiga ko‘maklashish hamda professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, magistratura va bakalavriyat talabalarini milliy yoki xalqaro toifadagi til bilish darajasini aniqlovchi imtihonlarga tayyorlab borish vazifalarini amalga oshiradi,” - deydi tanishuv jarayonida rektor Bahodirjon Shermuhammadov.

Vazir jamoa bilan suhbatda ularga faoliyatni yanada kuchaytirish bo’yicha o’z taklif va tavsiyalarini berib borar ekan, Tarjima markazida sinxron tarjimonlar sonini oshirish zarurligi, tezkorlik bilan rivojlanib borayotgan og’zaki tarjima yo’nalishida bu kadrlarning o’rni yuqori ekanligini ta’kidladi.

Tanishuv davomida xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha shakllantirilgan malakali kadrlar bilan o’zaro samimiy muloqot olib borildi va ilg‘or, zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida o’tkazilayotgan ingliz, rus, nemis, fransuz, koreys, xitoy, turk hamda yapon tillari darslari o’rganildi.