“Ona Vatanga cheksiz sadoqat bilan, sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilib, el-yurt oʼrtasida katta obroʼ-eʼtibor qozongan Lolaxon Murodovaning tantilik, kamtarinlik kabi olijanob fazilatlari, oʼz kasbiga tuganmas mehr-muhabbati va nurli siymosi butun xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qoladi.”
Shavkat Mirziyoyev,
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti
LOLАNOMА
Oʼzbek ayollarining betakror timsoli, ibratli umr sohibasi, Oʼzbekiston Qahramoni Lola Murodovani xotirlar ekanmiz, u ismi jismiga monand ravishda millatning guli, oʼzbekning asl lolasi edi. Uning samimiy, pokiza qalbi azim toshlar bagʼrini yorib chiqqan tabiatning tengsiz, bebaho asari - haqiqiy lola gulining goʼzal timsoli edi.
Tarix guvohki, bu koʼhna Fargʼona zaminidan ne-ne buyuk alloma va zabardast arboblar yetishib chiqqan. Zamonamiz va davrimizning chinakam qahramoni, millatning munis va shijoatkor ayoli Lola Murodova ham ajdodlarimiz asliyatini ifoda etib, aynan shu zamindan maydonga chiqdi.
Bu mehnatkash ayol Oltiariq elining oddiy dehqon oilasida tugʼildi va taqdir bu jasorat sohibasi zimmasiga ona zaminga mehr berish, minglab xonadonlarga rizq ulashishdek ulugʼvor bir vazifani yukladi. Rahmatli Lola opa bu vazifani umrining poyoniga qadar sharaf bilan ado etdi. U Oltiariqda bogʼlar yaratib, choʼlga qadam qoʼyganida, hatto, er yigitlar ham bu qum barhanlari ichida bir giyohning unib-oʼsishiga ishonmaganlari haqiqat edi. Vaqt va sharoit bilan mardonavor kurashgan Lola opa bu qumliklar aro chinakam moʼʼjizalar yaratdi, choʼl qumlarini serhosil tuproqqa aylantirdi. Kurashuvchanlik, yaratuvchanlik, shiddatkorligi bilan hosildorlik gektariga 3-4 sentnerdan oshmaydigan shoʼr yerlarda hosildorlikni 35-40 sentnerga yetkazdi. “Qishning qahratonidan, yozning jaziramasidan, tabiatning oʼjarligidan choʼchigan odam fermer boʼlmagani yaxshi”,- degan edi dono ayol.
Yurtga boʼlgan mehru muhabbati bilan shu bepoyon choʼllarning gavhar lolasiga aylangan Lolaxon Murodova oʼzidan ana shunday oʼchmas iz qoldirdi. Shu aziz xotiralarni yodga olar ekanman, Fargʼona davlat universiteti faxriy professori Lola opa bilan koʼp bor koʼrishib, dildan suhbatlashgan paytlarimiz, telefon orqali muloqotlarimiz, opaning oʼktam ovozi va samimiy soʼzlari hozirgiday qulogʼimda jaranglab turadi.
Eʼtirof etish joizki, Lola opa Oʼzbekistonda fermerlik harakatiga keng yoʼl ochilishi bilan 2006-yilda birinchilardan boʼlib “Nurli obod” fermer xoʼjaligiga asos soldi. Yerning haqiqiy egasi sifatida yurtimizda fermerlikni rivojlantirish va uni yangi bosqichga koʼtarishga katta hissa qoʼshdi.
Yoshlik yillaridan boshlab dehqonchilik ilmini puxta oʼrgangan Lola Murodova jamoa xoʼjaligidan tortib, qishloq xoʼjaligida ishni tashkil etish, mexanizatsiyalash, melioratsiya, selektsiya, xoʼjalik boshqaruvi sohasida katta tajriba orttirdi. Markaziy Fargʼonaning choʼl-dasht yerlarida paxta, boshoqli don yetishtirishda yuqori natijalarga erishib, fermerlik sohasida oʼziga xos mahorat va tajriba maktabini yaratgan Lola Murodova fermer xoʼjaligi daromadlarini ishchilarni ragʼbatlantirish, texnik vositalarni yangilash, innovatsion loyihalar uchun yoʼnaltirgan. Bulardan tashqari, u xayriya ishlariga ham oʼzining munosib hissasini qoʼshar edi.
Oʼz faoliyatida doimo yangilikka intilib, ezgu tashabbuslari bilan barcha fermerlarga, ayniqsa, yoshlarga ibrat boʼlib yashagan Lola Murodova qishloq xoʼjaligi sohasida ilgʼor agrotexnologiyalarni, boshqaruvning zamonaviy usullari va samarali vositalarini qoʼllash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, yosh fermerlar avlodini tayyorlashda oʼziga xos tajriba maktabini yaratdi.
Mehnat tandirida pishgan, sergʼayrat bu inson bir paytlar yigitlar orzusidagi navniholgina qiz edi. Istarasi quyoshdek issiq, nuryuzli Lola opa zebu ziynatni dalasiga bergan boʼlsada, oq roʼmoli, chit koʼylagi bilan ham juda goʼzal edi. Lekin uning muhabbati bir insonga beriladigan oddiy muhabbat emas – Vatan mehri, ona tuproq sevgisi, el-yurtga berilgan asl muhabbat edi.
Oʼrta maktabni bitirgach, mehnat faoliyatini jamoa xoʼjaligida traktorchilikdan boshlagan bu innovator ayol texnika bilan ham tez til topishdi, paxta terish mashinasida mavsumda 130 tonnagacha paxta terib, elning nazariga tushdi, 22 yoshida viloyat kengashi deputatligiga saylandi va qayta-qayta xalq noibi boʼlish nasib etdi.
Paxtachilikdagi muvaffaqiyatli tajribasi tuman boʼyicha ommalashtirildi. Uning himmatidan koʼplab yurtdoshlari bahramand boʼldi, elning toʼkin, farovon yashashi uchun oʼz gʼayrat-shijoatidan rizq-nasiba yaratdi. Shu bilan ona zaminning, Vatanning suyukli qiziga aylandi.
Quvonarlisi, bugun Lola opaning millat uzra minglab safdoshlari koʼpaydi. Lola Murodova oʼzining qirq yildan ortiq davr mobaynida boy tajribasi, butun bilimi va kuch-gʼayratini diyorimiz obodligi hamda elimiz farovonligiga safarbar etgani, shuningdek jonkuyar, kamtar va oqila oʼzbek ayoli sifatida yosh avlod va butun mamlakatimiz xotin-qizlari uchun chinakam oʼrnak va namuna boʼlib kelgani esa barchamizni shu yurt uchun, Vatan uchun oʼzgarishlar qilishga, oʼzlikni isloh etishga, fidokorona yashashga undaydi.
Shukrki, mamlakat uzra charaqlayotgan Yangi Oʼzbekiston quyoshi xalqimiz yoʼlini, nafaqat yoʼli, yuragini yoritdi. Millatning ongida, shuurida oppoq subhidamlar ota boshladi. Ushbu taraqqiyot tongi shuʼlasida Lola opa singari zaxmatkashlar koʼksiga ham sharaf shabbodasi tegdi. Yurtparvar Prezidentimiz gʼamxoʼrligi bilan ayollar mehnati yuksak baholandi, ularga keng imkoniyatlar eshigi ochildi.
Lolaxon Murodovaning mamlakatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan qishloq xoʼjaligi xodimi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari hamda “Oʼzbekiston Qahramoni” oliy unvoni bilan mukofotlangan. Bundanda munosibi esa - Lola opa eng yuksak mukofotga – xalqning abadiy muhabbatiga sazovor boʼldi.
Har bir avlod oʼz zamonasi qahramonini oʼzi yaratadi. Chunki shu davr hayoti ichida yashagan, unda oʼzi koʼrib, ibrat olgan insonlarini xalq hamisha ulugʼlab keladi. Lola opa ham xalqimiz tanlagan qahramon - Oʼzbekiston Qahramoni edi. Bilamizki, ushbu oliy darajadagi mukofot - Oʼzbekiston Respublikasining fuqarolariga davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat koʼrsatish bilan bogʼliq xizmatlari uchun beriladi. Lola opaning shiddati kabi choʼgʼday yonib turgan oliy nishon — «Oltin Yulduz» medali uning koʼksida yarashib turgani bejiz emas. Bu ayol millat qizlariga zaminni sadoqat bilan sevishni, ona yerga berilgan mehr insonga qaytishini, xalqning onalariga mehnatning noni eng ulugʼ rizq ekanligini oʼz hayoti bilan koʼrsata olgan chin qahramondir.
Odamlar qalbiga quloq tutish, ularning quvonchu tashvishlarida sherik boʼla olish, hayot sinovlaridan metin iroda bilan oʼtishni oʼz faoliyati misolida koʼrsata bilish, bu hikmatni odamiylik ilmi bilan oʼrgatish - Lola opaga xos boʼlgan qahramonona fazilatlardan biri boʼldi.
Toʼgʼri, Lola opa hozir yonimizda emas, bevaqt oʼlim uni oramizdan olib ketdi. Biroq, u bizlarga bir umrga Vatanga muhabbat va sadoqat qanday boʼlishini, kasbga fidoyilikning haqiqiy namunasini qoldirib ketdi. Аna shunday olijanob fazilatlari bilan hamon qalblarimizda yashayotgan Lolaxon opa butun xalqimiz uchun oʼzbek ayolining haqiqiy timsoliga aylandi.
Butun hayotini el-yurt ravnaqiga, Fargʼonani obod qilishga bagʼishlagan bu ulugʼ yurtdoshimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Davlatimiz rahbari viloyatda Lola Murodova nomidagi fermerlar maktabini tashkil etish taklifi bildirilganlarida, fargʼonaliklarning dilidagi istakni goʼyoki toʼgʼridan - toʼgʼri koʼrib turgandek boʼldi.
Chunki, viloyat shaʼnini oʼz oriyati deb bilgan, gul umrini dalayu dasht choʼllariga baxshida etmoqlikdan buyuk mohiyat topa olgan beqiyos ayol xotirasi bir umr yuraklarda qolishi barchamiz uchun ham vijdon amriga aylandi.
Mana, endilikda Lola opaning oʼchmas siymosi uchun Fargʼonada abadiy tamal toshi qoʼyilmoqda.
Oʼzbekiston durdonasi boʼlmish goʼzal Fargʼonaning yangi markazi - “Yangi Oʼzbekiston” shaharchasida xalqimizning tanti va fidoiy farzandi, Oʼzbekiston Qahramoni Lola Murodova xotirasiga bagʼishlab qishloq xoʼjaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabi ochilishi barchamiz uchun hayajonli va tarixiy yangilik boʼlmoqda. Bu voqelik xalqimiz xotirasida haqiqiy oʼzbek dehqon ayoli timsolini yaratgan rahmatli Lola Murodovaning chin ehtiromi desak, mubolagʼa boʼlmaydi.
Elimizning ezgu niyatlari va yaxshi umidlar bilan barpo etilgan bu maktabda endilikda nafaqat Fargʼona, balki barcha hududlarimizdan kelgan fermerlar bilim va malaka oshiradilar. Biz kelajak avlodni, har bir oʼgʼil-qizlarimizni Lola Murodova singari matonatli, sadoqatli, fidoiy, vatanparvar, millatsevar insonlar etib voyaga yetkazsak, uning ruhi albatta shod boʼladi.
Bu qutlugʼ nom olgan taʼlim dargohi kelgusida nafaqat Oʼzbekistonga, balki butun dunyoga qishloq xoʼjaligining eng yetuk kadrlarini yetishtirib berishiga ishonamiz.
Umidim, xalqimizning har bir xonadonida shunday hokisor va mehnatsevar, yuragida yurt ishqi yongan Lolaxonlar oʼsib-ulgʼaysin!
Bahodirjon ShERMUHАMMАDOV,
Fargʼona davlat universiteti rektori