Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash, yaʼni majoritar-proportsional tizim asosida oʼtkaziladi. Deputatlarning 75 nafari saylovchilar tomonidan ovoz berish yoʼli bilan, qolgan 75 nafari esa siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanadi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi oktyabr oxirida oʼtadigan saylovga oid boshqa maʼlumotlarni ham eʼlon qildi.
Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida Markaziy saylov komissiyasi vakillari ishtirokida brifing boʼlib oʼtdi. Unda komissiya raisi Zayniddin Nizomxoʼjaev 27 oktyabrda oʼtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlarini saylash jarayoni qanday oʼtishiga oid maʼlumotlarni eʼlon qildi. Unga koʼra, oktyabr soʼngida boʼladigan jarayon “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida oʼtkaziladi. Tarixda ilk marotaba deputatlar saylovi aralash, yaʼni majoritar-proportsional tizim asosida boʼlib oʼtadi. Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, yaʼni saylovchilar aniq shaxslarga ovoz berish yoʼli bilan, qolgan 75 nafari esa proportsional tizim boʼyicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanadi. Saylovda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati, Senatning 65 nafar aʼzosi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi 65 nafar deputati, viloyatlar va Toshkent shahar, 208 ta tuman (shahar) Kengashlari deputatlari saylanadi. Shunga koʼra, 30 mingga yaqin nomzodlar, 90 mingga yaqin ularning ishonchli vakillari saylov jarayonida faol ishtirok etishi hamda 120 mingdan ortiq saylov komissiyalari aʼzolari tashkilotchi sifatida, 70 mingdan ortiq fuqarolar va xorijliklar kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki kutilmoqda. Qayd etilishicha, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etilgan, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni koʼrsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz boʼlishi belgilangan.
Bundan tashqari, deputatlikka nomzod saylanish uchun saylovchilarning nisbiy koʼpchiligi ovozini olishi lozimligi belgilangan. Unga koʼra, nomzod tegishli saylov okrugida boshqa nomzodlarga nisbatan koʼproq ovoz toʼplagan taqdirda deputat boʼlib saylanishi mumkin boʼladi va shu orqali takroriy ovoz berishni tashkil etish talab etilmaydi.