Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kampaniyasiga start berildi. Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bugun oʼtkazilgan majlisda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga doir muhim qarorlarni qabul qildi.
Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi oʼn kunligining birinchi yakshanbasida oʼtkaziladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga va Oʼzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 36-moddalariga muvofiq, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi 2024 yil 27 oktyabr, yakshanba kuni oʼtkaziladi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, bugundan, yaʼni 2024 yil 26 iyuldan Oʼzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi boʼyicha saylov kampaniyasiga start berilib, Kalendar reja tasdiqlandi. 2024 yil 27 oktyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylovlar boʼlib oʼtadi.