Mamlakatimizda yoshlarning oʼzlari tanlagan yoʼnalishlar boʼyicha istalgan oliy oʼquv yurtlarida oʼqishlari uchun ham hozirgi kunda barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Jumladan, qoraqalpoq diyorida vodiydan – Аndijon, Namangan va Fargʼona viloyatlaridan koʼplab yoshlar taʼlim oladilar. Ushbu bitiruvchi talabalarni qutlash va ularga diplom topshirish maqsadida Qoraqalpogʼistondan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rahbariyati hamda professor-oʼqituvchilari Fargʼonaga keldi.
Bugungi bitiruvchilarning aksariyati bundan toʼrt yil muqaddam xorijiy davlatlardagi oliy taʼlim muassasalarining yuridik fakultetlaridagi sirtqi boʼlimlarda oʼqirdi. Prezidentimiz tomonidan berilgan imkoniyatlar tufayli bu yoshlar Qoraqalpoq davlat universitetining yuridik fakulьtetida oʼqishni davom ettirdi va bakalavr diplomini qoʼlga kiritdi.
Аytish kerakki, Qoraqalpoq davlat universiteti nafaqat yurisprudentsiya yoʼnalishida, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda yuqori malakali kadrlar tayyorlashda tayanch oliy oʼquv yurti sanaladi. Hozirgi kunda oliy oʼquv yurtida huquqshunoslik yoʼnalishi boʼyicha bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda.
Tadbirni olib borgan Fargʼona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov oʼz soʼzida soʼnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbuskorligida huquqshunoslik sohasiga berilayotgan eʼtibor, inson qadri, uning huquq va erkinliklari borasidagi islohotlar xususida alohida gapirib oʼtdi.
Tadbir doirasida mehmonlar Fargʼona davlat universitetida ham boʼldilar. Ular universitetda yurisprudentsiya yoʼnalishi talabalari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ikki universitet oʼrtasida kelgusida oʼzaro ilmiy hamkorlikni yanada kuchaytirish boʼyicha muloqot qildilar.
FarDUning "Qatagʼon qurbonlari" muzeyiga uyushtirilgan sayohat esa mehmonlarda chuqur taassurot qoldirib, ularni tarix haqiqatlari va jadidchilik davri sari yetakladi.