Jonajon Farg‘ona xususida so‘z ketganda barchamizning ko‘z o‘ngimizda tog‘lar ichra yoqutday jilolanayotgan xushmanzara makon, toza xavo va billurdek zilol suvlar, qo‘li hamisha ko‘ksida quyoshdek kulib turguvchi tanti, mehnatkash odamlar, nozu-ne’matga to‘la bog‘u-rog‘lar, obod manzillar aks etadi. E’tirof etish kerakki, bundan 7 yil avval mamlakatda ro‘y bera boshlagan islohotlar to‘lqinida Farg‘onaga ham yangi nafas, yangi hayot kirib keldi. Bu yillar farg‘onaliklar uchun jadal rivojlanish yillari - “Yangi Farg‘ona” davri bo‘ldi. Barchamizni ko‘zimizni quvontirib, kundan-kunga chiroy ochib borayotgan ona Farg‘ona bugun butun dunyo bilan bo‘ylashayotgani ayni haqiqat.
Shu elning farovon turmushi, baxtli hayoti, yorug‘ ertasi uchun tashabbusdan tolmay olg‘a intilayotgan viloyat rahbari - o‘zi mehnatdan tinmaydigan, o‘zgalarni ham shijoatga chorlaydigan fidoiylardan ekani farg‘onaliklarning iqboli bo‘ldi.
Darhaqiqat, o‘zgarishlarni sarhisob etar ekansiz, viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar shu makonning har bir go‘shasiga, har bir xonadonga, kerak bo‘lsa, har bir farg‘onlikning qalbiga kirib borganiga guvoh bo‘lasiz.
Muhtaram Prezidentimiz aholi hayoti, hududlar rivoji bilan yaqindan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatiga qilgan tashriflari chog‘ida - “Farg‘ona katta viloyat. Hozirgi kunda aholi 4 milliondan oshdi. Bunday o‘sish bilan 2030 yilga borib 5 millionga yetadi. Bu aytishga oson. Lekin bu raqam ortida qancha mas’uliyat va javobgarlik bor. Har yili yangi bog‘cha va maktablar, uylar qurish, yuz minglab ish o‘rinlari yaratish zarur. Shuning uchun hozirgi tahlikali zamonda qanday qilib iqtisodiyotimizni barqaror qilamiz, degan savol hammamizni qiynashi kerak,” deya jonkuyarlik bilan ta’kidlagan edilar. Shu savol bilan hamisha jonini qiynab ishlayotgan viloyat rahbari shu hudud taraqqiyoti uchun marrani katta olgan. Shukrki, shu fidokorona mehnatning mevasi bugun butun farg‘onaliklarga tatimoqda.
So‘nggi yetti yilda viloyatda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Yo‘l, suv, yer, uy-joy, ta’lim va tibbiyot infratuzilmasi yaxshilandi. Kiritilgan investitsiyalar hajmi 3 karra o‘sib bordi. 2018-yilda viloyatda bor-yo‘g‘i 90 million dollar sarmoya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1 milliard 300 million dollar bo‘lgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 470 taga yetgan. Natijada 116 mingta ish o‘rni yaratildi.
Tovar aylanmasi 10 million dollardan oshgan 122 ta korxona paydo bo‘ldi. Eksport hajmi ham qariyb 2 barobarga oshib, o‘tgan yili 722 million dollarni tashkil etdi. Farg‘onalik korxonalar 60 ta yangi bozorga kirib bordi.
Quvonarlisi, yaqin yillar ichida sanoat hajmi 1,3 barobarga ortdi. Viloyatda 6 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 110 ta va yana 1,1 milliard dollarlik 22 ta mahalliy loyiha bo‘yicha ishlar jadal ketmoqda.
Birgina “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida 370 million dollarlik yuzga yaqin loyiha bajarilib, 9 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Ular tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 1 trillion 500 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 60 million dollarlik eksport qilindi.
Joriy yil mart oyida Qo‘qon aeroporti modernizatsiya natijasida yana fuqaro aviatsiyasi parvozlari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur aeroportda 100 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilib, zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilgan.
Sobiq Qo‘qon superfosfat zavodi negizida “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasi tashkil etildi. 70 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, ishlab chiqarish texnologiyalari modernizatsiya qilindi. Ispaniya, AQSH, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Rossiya davlatlarining yetakchi kompaniyalaridan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Qo‘shimcha 150 ta ish o‘rni yaratildi. Zavod quvvati yiliga 75 ming tonnadan 450 ming tonnaga yetkazildi. Korxona yiliga 30 million dollar mahsulotni eksport qilish quvvatiga ega. Bugungi kunda MDH, Yevropa, Afrika va Osiyoning 16 davlatiga mineral o‘g‘itlar eksport qilinmoqda.
O‘zgarishlar binobarida aytish kerakki, shahrimiz qiyofasi ham kundan-kunga zamonaviy qiyofaga kirib, dunyoning eng ko‘rkam “Sity”lari formatiga o‘tib bormoqda. Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish maqsadida yaqin yillarda yirik bunyodkorlik ishi - “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etildi. Ushbu massivda 300 gektarli hududda 65 ming aholiga mo‘ljallangan 365 ta ko‘p qavatli uy bosqichma bosqich bunyod etilmoqda. Bu uylar 7, 9, 12, 16 va 25 qavatli bo‘lib, bu viloyat shaharsozligida o‘ziga xos yangilik sanaladi. Hozirgi kunda ilk uylar va bog‘lar obod aholi manziliga aylanib ulgurdi. 2 ming 887 xonadonli 75 ta uy foydalanishga topshirildi. Ularning negizida Nurafshon mahallasi tashkil etildi. Uylarga 500 dan ortiq oila ko‘chib keldi. Ikkita maktab, uchta bog‘cha va poliklinika ochildi. Muhimi, uy-joylarning sifat va tannarxi oilalar sharoitiga mos, xonadonlarga joylashuv o‘rni hamda qulayliklari manzur bo‘lmoqda. Ayni paytda bu yerda zamonaviy ta’lim dargohlari, tibbiyot muassasalari, sport majmuasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari qad ko‘tarmoqda, shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash uchun massiv hududining 50 gektarida kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda.
Bu maskanni farg‘onaliklar ekoekoshahar deyishlari esa bejizga emas. Hududning 70 gektar maydonida “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, so‘lim xiyobonlar, sun’iy ko‘l, to‘rt ming o‘rinli amfiteatr barpo qilindi. Bog‘ hududiga buta va manzarali daraxtlar ekilgan. Bolajonlar uchun turli attraksionlar o‘rnatilgan.
Obodlikka, yaratuvchanlikka, bog‘dorchilikka alohida e’tibor qaratgan viloyat rahbari jonbozligida Farg‘onada 48 ming 300 gektar bog‘ va tokzorlar gullab yashnamoqda. Shuningdek, 1 ming 400 gektarda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan.
So‘nggi yillarda xorijlik sayyohlarni viloyatimizdagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlarga jalb etishning bir necha barobarga ortgani, muqaddas qadamjolar, milliy an’ana va qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tibor kuchayib borayotgani - xizmat ko‘rsatish tizimi rivoji va aholining ish bilan ta’minlanishi ko‘rsatkichlarida ham yaqqol aks etmoqda. Bunda mehmonlarga jahon andozalariga mos darajada xizmat ko‘rsatishning yo‘lga qo‘yilayotganligi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Darhaqiqat, bugun Farg‘onaga uzog‘u-yaqindan, dunyoning barcha mamlakatlaridan mehmonlar oqimi, turistlar tashrifi oshib bormoqda. Viloyatda Davlatimiz rahbari islohotlarining ijrosi izchil olib borilmoqdaki, turizm infratuzilmasini yaxshilash borasida rivojlantirilayotgan investitsiya va eksportni ko‘paytiradigan sohalar gullab yashnamoqda.
O‘tgan yilning o‘zida viloyatimizga 430 nafar ming xorijiy turist tashrif buyurgan. Vodiyning jozibador tabiati, so‘lim manzaralari, turizm rivoji uchun asos bo‘layotgan tarixiy manzillari imoniyatidan yanada to‘laqonli foydalanish, xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif obyektlari sonini 2 barobar oshirish maqsadida Farg‘ona turizm halqasi loyihasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Xalqaro munosabatlar esa yangidan qad rostlayotgan viloyatda yuqori darajada davom etmoqda. Jumladan, yaqinda Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov "Polsha-Osiyo" savdo palatasi prezidenti Yanush Pexochinskiy boshchiligidagi delegatsiya vakillarini qabul qilib, Polsha va Farg‘ona viloyati o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l, bandlik, oliy ta’lim, turizm, IT, transport- logistika sohalarida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borgan bo‘lsa, kuni kecha Xitoyning “Xiamen Maoxing Group Co., Ltd” kompaniyasi boshqaruv raisi Chen Maikyun boshchiligidagi kompaniya vakillari viloyatimizda qurilish, tibbiyot, ta’lim, energetika yo‘nalishlarida investitsiya kiritish taklifini bildirdilar. Bu o‘zgarishlar viloyatning har bir manzilini qamrab olayotgan esa barchamiz uchun juda quvonarli. Ishonasizmi, ayni kunlarda Marg‘ilon shahrida tut bargidan choy ishlab chiqarilmoqda. “Nurli tong silk“ MCHJ pillachilik klasteri tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha asosida umumiy qiymati 200 ming dollar bo‘lgan investitsiya jalb etilib, 10 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
E’tirof etish zarurki, viloyatimizning har bir hududida aholini uy-joy bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Toshloq tumanida bugungi kunga qadar 6 ta 5 qavatli 170 ta xonadondan iborat uy-joylar barpo etilyapti. Bundan tashqari, Toshloq shaharchasida joylashgan 2 qavatli ma’nan eskirgan turar joylar o‘rnida 5 ta 7 qavatli 300 ga yaqin zamonaviy xonadonlar qurish rejalashtirilgan. Bugungi kunda “Bek ziyo inves qurilish” MCHJ tomonidan 7 qavatli uy-joyning qurilishi boshlandi.
Shuningdek, Toshloq tumanidagi Qamchipurush mahallasida joylashgan “Abu Rayhon Beruniy avlodlari” xususiy maktabiga asos solindi.
Yana bir hudud - Yozyovon tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 2024 yilda aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha jami 348 ta xonadondan iborat 15 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurish belgilangan. Hozirgi kunda 9 ta 188 xonadonli uy-joylarda qurilish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, xitoylik investorlar tomonidan 1 ta 2 podezli 7 qavatdan iborat bo‘lgan uy-joylar qurish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.
O‘zgacha kuch-g‘ayrat va matonat bilan Farg‘ona ahlini ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirgan viloyat rahbarining say-harakatlari natijasida Mustaqilligimizning 33 yillik ayyomi arafasida ko‘plab yangi ishlab chiqarish obyektlari, ta’lim, tibbiyot, uy-joylar va boshqa inshootlarni foydalanishga topshirilmoqda. Bunda yangitdan bunyod etilgan Yozyovon tumani qo‘riqlash bo‘limi ma’muriy binosi, Sharqiy harbiy okrugning Quva tumanida joylashgan harbiy qismida kapital ta’mirdan chiqarilgan bino-inshootlari, “Beshariq tongi” gazetasining yangi binosi – istiqlol ayyomiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Bu yangilanishlar, o‘zgarishlar viloyatimizda yuqori sur’atlarda davom etmoqda. Yozsak, sahifalar, sanasak sanoq to‘xtamaydi. Biz esa yangi davrga qadam qo‘ygan Farg‘ona elini shu yaxshi ishlarda, ezgu islohotlarda viloyat rahbariga yelkadosh bo‘lishga chorlab qolamiz.
Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlauniversiteti rektori,
professor