O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024/2025-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” 2024-yil 19-iyuldagi F–36-son farmoyishi bilan o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, san’at va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti ajratilgan.
Vatandoshlar uchun davlat grantlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining kunduzgi ta’lim shakliga taqdim etiladi.
Tanlovda ishtirok etish istagi bor vatandoshlarga quyidagi talablar belgilanadi:
a) shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida o‘zi yoki ota-onasi yoxud bobo-momosi:
• etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan o‘zini o‘zbek yoki qoraqalpoq sifatida identifikatsiya qilgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi;
• O‘zbekiston hududida tug‘ilib, istiqomat qilgan, biroq, hozirda xorijda doimiy istiqomat qilayotgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi;
b) xorijiy fuqaro sifatida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan biriga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tib, suhbat natijalariga ko‘ra talabalikka tavsiya etilgan bo‘lishi;
v) 30 yoshga to‘lmagan bo‘lishi;
g) o‘zbek tilini bilishi lozim.
Talabgorlardan hujjat qabul qilish 5 sentabrdan 15 sentabrga qadar davom etadi.
Tanlovlar talabgorlar tomonidan tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish fanlaridan o‘tkaziladi. Bunda fanlar majmuasiga ko‘ra:
a) kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun har yili 15-oktyabrga qadar tanlangan oliy ta’lim muassasasi tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi va natijalar Bilim va malakalami baholash agentligiga taqdim etiladi;
natijalari oliy ta’lim muassasalari tomonidan taqdim etilgan talabgorlar uchun Bilim va malakalami baholash agentligi tomonidan har yili 25-oktyabrga qadar test sinovlari o‘tkaziladi;
b) kirish imtihonlari test shaklidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun Bilim va malakalami baholash agentligi tomonidan har yili 25-oktyabrga qadar test sinovlari o‘tkaziladi.